Oʻzbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidovning 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

 Muhtarama ayollar, qadrli opa-singillar!

Avvalo, Sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ezgulik va goʻzallik bayrami 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etayotganimdan behad mamnunman.

Darhaqiqat, ushbu bayramning aynan bahor tashrifi bilan hamohang tarzda nishonlanishida oʻziga xos maʼno mujassam. Negaki, bahor va ayol soʻzlari bir-biriga egizak va uygʻun tushunchadir.

Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat boʻlib kelgan. Chunki Sizlar bilan hayotimiz goʻzal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan oqilona davlat siyosatida ayollar masalasi doimiy diqqat markazida. Xususan, respublikamizda xotin-qizlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini taʼminlash, siyosiy faolligini oshirish, kasbiy, jismoniy, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, oila, onalik hamda bolalikni muhofaza qilish, mustahkam oilani shakllantirish, umuman olganda, gender tengligini taʼminlash masalasiga qaratilayotgan katta eʼtibor va beqiyos gʻamxoʻrlik bugun jahon hamjamiyatining ham yuksak eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.

“Ayol baxtli boʻlsa, jamiyat baxtli boʻladi”, degan ezgu qarash hayotiy ifodasini topib bormoqda. Xotin-qizlarimiz nafaqat fan, taʼlim, madaniyat, sogʻliqni saqlash sohalarida, balki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida masʼul vazifalarda ham samarali faoliyat koʻrsatishayotganini alohida qayd etish zarur.

Bu haqda gapirganda taʼlim sohasida mehnat qilayotgan ustoz va murabbiy ayollarimiz haqida alohida iliq soʻzlar aytgim keladi. Farzandlarimizga zamonaviy ilm-fan va kasb-hunar asoslarini oʻrgatish, yuksak insoniy tuygʻu va fazilatlarni singdirish, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasida Sizlarning kuch-gʻayratingiz, bilim va mahoratingizdan doimo minnatdor boʻlamiz.

Aziz ayollar!

Oʻzingizdek maftunkor mana shu qutlugʻ ayyomda barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий