Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Yaponiyadagi vatandoshlar bilan uchrashuv oʻtkazdi
2022-yil 23-dekabr kuni mamlakatimizning Tokio shahridagi elchixonasida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yaponiyada tahsil olayotgan va ishlayotgan vatandoshlar hamda Oʻzbekiston-Yaponiya munosabatlarini rivojlantirishga hissa qoʻshayotgan yaponiyalik fuqarolar bilan uchrashdi.
Muloqot ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyati, shuningdek, yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining amalga oshirilishi, jumladan, vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlashning asosiy ustuvor yoʻnalishlari haqida maʼlumot berildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Vatandoshlar oʻz soʻzlarida Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda ishtirok etishga, bilim va tajribani yurt ravnaqiga yoʻnaltirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Yaponiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildirildi.
Yakunda Oʻzbekiston-Yaponiya munosabatlarini rivojlantirishga faol hissa qoʻshayotgan vatandoshlar va Yaponiya fuqarolariga Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining tashakkurnomalarini topshirish marosimi tashkil etildi.