O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Germaniya Elchisi bilan uchrashdi
2024-yilning 3-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Germaniya Federativ Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Tilo Klinner bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning 2023-yildagi yakunlari sarhisob qilinib, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni chuqurlashtirish, jumladan, “GSP+” tizimi doirasida o‘zaro savdoni diversifikatsiya qilish, Germaniyaning yetakchi kompaniyalari va texnologiyalarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi bildirildi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar, ta’lim va migratsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.