O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Falastin TIV rahbari bilan uchrashdi
2023-yilning 21-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Falastin tashqi ishlar va ekspatriantlar vaziri Riad Malki bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki xalq o‘rtasidagi asrlar davomida shakllangan tarixiy rishtalar ko‘plab yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tomonlar O‘zbekiston va Falastin bozorlarini kashf qilishda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Keng qamrovli uchrashuv yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston va Falastin tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlar toʻgʻrisida Bayonnoma imzolandi. Hujjatda ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlari, erishiladigan aniq maqsadlar va asosiy qadamlar belgilangan.
Mazkur hujjat o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yo‘lida muhim o‘rin tutishiga ishonch bildirildi.