O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tabirigi
Barchamiz uchun aziz va qadrli ustozlarimiz!
Sizlarni 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan Tashqi ishlar vazirligi jamoasi nomidan tabriklayotganimizdan behad mamnunmiz. Aslida har bir kunni ustoz kuni desak, adashmagan bo‘lamiz. Chunki inson bor ekan, uning hayot yo‘lini yoritguvchi zot muallim bo‘ladi.
So‘z mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiyning “Haq yo‘linda kim sanga bir harf o‘qitmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila” degan misralari zamirida bizga saboq bergan, qo‘limizga qalam tutqazgan, hayot so‘qmoqlaridan odimlab borishimizga ustozlik qilgan aziz kasb egalarining bebaho va unutilmas mehnati yuksak darajada to‘g‘ri madh etilganiga doimo amin bo‘lamiz.
Darhaqiqat, ustozsiz yuksaklikka erishib bo‘lmaydi. Bu kasb egalarini doimo har bir kunda qadrlash va ardoqlash bizning burchimizdir.
Yosh avlodga zamonaviy ilm-fan va kasb-hunar asoslarini o‘rgatish, yuksak insoniy tuyg‘u va fazilatlarni singdirish, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasida Sizlarning kuch-g‘ayratingiz, bilim va mahoratingizdan doimo minnatdormiz.
Qadrli ustoz va murabbiylar!
Ushbu ulug‘ bayram bilan chin yurakdan tabriklab, sharafli mehnatlaringiz uchun chuqur ta’zimdamiz!