O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri AQShdagi vatandoshlar bilan uchrashdi

 

BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida ishtirok etish uchun AQShga tashrif buyurgan O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qo’shma Shtatlarning yetakchi banklari, fondlari, IT-kompaniyalari, nufuzli oliy o'quv yurtlari va tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o'tkazdi.

Xususan, muloqotda "Oppenheimer" bankining boshqaruvchi direktori Farhod Inogambaev, "Missed.com" va "Jafton.com" IT-kompaniyalar asoschisi Bobir Akilxanov, "Credit Exim" xolding kompaniyasi direktori Dilmurov Asqarov, "New York Life Insurance " sug'urta kompaniyasi xodimi Dilshod Rahmonov, "Ernst & Young" kompaniyasi maslahatchisi Kamol Mavlonov, "44 Oak Capital" developerlik kompaniyasi asoschisi  Farhod Muradov, "Rx2go" logistika kompaniyasi muassisi Erkin Sattarov, Sirakuza universiteti doktoranti Mirjaxon Turdiev, Garvard universiteti doktoranti, "Dana Farber" saratonni davolash instituti xodimi Nilufar Qahhorova, "Amazon" kompaniyasining biznes-tahlil bo’yicha muhandisi Shahlo Xojaeva, "Betaworks Ventures" jamg'armasi investori Zafar Mirzaliyev, shuningdek, "Poetica Coffee" kofe tarmog'ining ta’sischisi Parviz Muhamadqulov ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida O’zbekiston hukumatining xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha asosiy ustuvor yo'nalishlari, ular uchun O'zbekistonda investitsiya, ta'lim, ijtimoiy-gumanitar va boshqa loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar haqidagi ma’lumotlar vatandoshlar e’tiboriga havola etildi.

Diasporamiz a'zolari O'zbekiston emitentlariga, shu jumladan banklar va xususiy kompaniyalarga texnik yordam ko'rsatishni davom ettirishga, shuningdek, Vashingtondagi institutsional investorlar bilan O'zbekiston moliya sektori vakillari uchun uchrashuvlar tashkil etishga tayyorligini bildirdi. 

Ta'lim yo'nalishi bo'yicha AQSh universitetlarida o'zbekistonlik o'qituvchi va talabalari uchun amaliyotlarnu tashkil etish bo'yicha kelishuvlarga erishildi. O'zbekiston va AQSh tibbiyot muassasalari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, klinik treninglar o'tkazish, davolash protokollarini birgalikda takomillashtirish yo'llari muhokama qilindi. 

O'zbekistonlik yoshlarni IT-mutaxassislik bo’yicha o’qitish, ta’limda Amerikaning ilg’or tajribasini, yangi metodologiyalar va amaliyot dasturlarini joriy etishga hamda startaplarni ishga tushirishga alohida e'tibor qaratildi. 

Uchrashuv davomida O'zbekiston Prezidentining Farmoni bilan "Kelajak bunyodkori" medali bilan taqdirlangan "Amazon" kompaniyasining biznes-tahlil bo’yicha muhandisi Shahlo Xojayevaga ushbu yuksak mukofotni topshirish marosimi bo’lib o’tdi. Sh.Xojayeva O'zbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu yuksak mukofot hukumatning xorijdagi vatandoshlarga bo'lgan munosabatining to'liq o'zgarishidan dalolat berishini ta'kidladi. Ushbu e'tirof uni yangi tashabbuslarga ilhomlantirib, O'zbekiston manfaatlarini ilgari surish yo’lida yanada ko’proq va faol ishlashga undaydi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий