O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro mehnat tashkilotining Ma’muriy kengashiga saylandi
2024-yil 7-iyun kuni Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) Jeneva shahridagi bosh qarorgohida Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasi doirasida 2024-2027-yillar uchun Tashkilot Ma’muriy kengashi aʼzolari va ularning oʻrinbosarlari saylovi boʻlib oʻtdi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi eng ko‘p ovoz (194 ta, to‘planishi zarur bo'lgan eng kam ovoz soni - 105) to‘plagan holda o‘z tarixida birinchi marta XMT Ma’muriy kengashining a’zosi o‘rinbosari etib saylandi.
O‘zbekistonning Ma’muriy kengashga saylanishi tarixiy voqea bo‘ldi, chunki O‘zbekiston XMTning ushbu asosiy organiga birinchi marta a’zo bo‘ldi.
XMTga a’zo davlatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berishga olib kelgan qat’iyati va siyosiy irodasini, XMTning bir qator muhim konvensiyalarini ratifikatsiya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, muammolarni e’tiborsiz qoldirish siyosatidan ularni muloqot orqali hal etish tamoyiliga o‘tilganini yuqori baholadi.
Boshqaruv organi XMTning ijro etuvchi organi hisoblanadi. Xalqaro mehnat konferensiyasi sessiyalari orasidagi davrda Tashkilot ishiga rahbarlik qiladi va uning qarorlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi. Ma’muriy kengashning har yili mart, iyun va noyabr oylarida uchta sessiyasi o‘tkaziladi.
Maʼmuriy kengash uch yil muddatga saylanadigan 56 nafar aʼzo va va ularning 66 nafar oʻrinbosarlaridan tashki topadi.