O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining yanvar oyidagi faoliyati to‘g‘risida
Assalomu alaykum hurmatli Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini kuzatuvchilar. Sizlarga 2024-yildagi ilk brifingimizni taqdim etamiz.
Kutilganidek, 2023-yildagi yuqori dinamika yangi yilda yanada jadallashmoqda, Vazirlik markaziy apparati, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz oldimizga qo‘yilgan ustuvor vazifalarni, ayniqsa iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishidagi yangi marralarni o‘z vaqtida zabt etish maqsadida yanvar oyining ilk kunlaridan horijlik hamkorlarimiz bilan qator muhim muzokaralarni o‘tkazdi.
I. O‘tgan bir oyda yurtimizga 50 dan ortiq xorij rasmiy delegatsiyalari tashrif buyurdi, ulardan 8 tasi yuqori darajada.
O‘zbekiston delegatsiyalarining esa xorijga 60 ta xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy ko‘mak berdik.
Jumladan, 16-yanvar kuni tashqi ishlar vaziri mamlaktimizga tashrif bilan kelgan Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas bilan uchrashuv o‘tkazib, iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish, barqaror taraqqiyot bo‘yicha hamkorlik qilish, xalq diplomatiyasini rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, 2024-yilning birinchi yarmida Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi Sammiti kun tartibini muhokama qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston TIV rahbari Turkiya, Bahrayn va bir qator boshqa mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ushbu davlatlar bilan siyosiy, diplomatik, iqtisodiy, gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish masalalarini muhokama qildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili hamda vazir o‘rinbosarlari tomonidan bir oyda 67 ta uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi. Eron tashqi ishlar vazirligi bilan siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi.
Aytishimiz lozimki, o‘tkazilgan barcha muzokaralar yakunlari bo‘yicha chet davlatlar bilan aloqalarimizni yana-da jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar hamda “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.
Xorijiy hamkorlar bilan siyosiy muloqotimiz jadallashib borayotgani mamlakatimiz xalqaro nufuzining ortayotganini yaqqol ifodalaydi.
II. Endi eʼtiboringizni O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasiga qaratamiz.
Dunyoning turli shaharlarida bo‘lib o‘tgan 10 dan ziyod xalqaro tadbirlarda davlatimiz idoralari vakillari qatnashdilar.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev boshchiligidagi delegatsiya 19-20-yanvar kunlari Ugandaning Kampala shahrida bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakatining 19-sammitida ishtirok etdi, tashrif davomida O‘zbekiston va Uganda o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolandi, Uganda O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 145-mamlakat bo‘ldi.
III. Zamonaviy diplomatiyamizning asosini, avvalambor, mamlakatimizning xalqaro maydondagi iqtisodiy manfaatlari belgilaydi. Shu yo‘nalishida 300 dan ortiq turli tadbirlar o‘tkazildi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarida ishtirok etish uchun Koreya, Xitoy, Turkiya, Yaponiya va boshqa davlatlardan mutaxassislar yurtimizga kelishdi.
Iqtisodiy diplomatiya doirasida diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan umumiy qiymati $442,0 mln.ga teng 18 ta yangi investitsiya loyihalari bo‘yicha samarali muzokaralar o‘tkazildi.
IV. O‘tgan oyda xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yo‘nalishida 5 ta hujjat kuchga kirdi va 29 ta hujjat imzolandi.
V. Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tsak.
Yanvar oyida:
- 13 151 nafar O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;
- 1 270 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan taʼminlashga ko‘maklashildi;
- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan
60 nafar fuqaromizga moddiy yordam ko‘rsatildi;
- chetda qiyin vaziyatlarda, yaʼni odam savdosi qurboni bo‘lgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 13 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;
- 6 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;
- pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan 3 nafar fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qaytarildi.
Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 100 dan ortiq tadbir o‘tkazilib, ularda 7 mingdan ziyod vatandoshlar qatnashdi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 8 017 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1 203 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga, 6 814 tasi chet eldagi vakolatxonalarimizga yuborilgan.
Barcha murojaatlarga nisbatan o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi.
Hurmatli kuzatuvchilar, OAV vakillari, Vazirligimiz faoliyatiga doir sizni qiziqtirayotgan savollaringiz bo‘lsa, ularni Matbuot xizmatigi yo‘llashingiz mumkin. Navbatdagi brifinglarimizda ularga javoblar taqdim etamiz.
Shu bilan yanvar oyi yakunlariga bag‘ishlangan brifingimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!