O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining yanvar-fevral oylaridagi faoliyati to'g'risida
TIV matbuot kotibi A.Burxanov brifingidan:
Assalomu alaykum, bugun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining joriy yil yanvar-fevral oylaridagi faoliyati haqidagi axborotni taqdim etmoqchimiz.
O‘tgan davrda Vazirligimiz faoliyati mamlakatimizning ikki va ko‘p tomonlama aloqalarini yanada mustahkamlashga, muhtaram Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan ochiqlik va avvalambor xalqimiz manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan tashqi siyosatimiz tamoyillarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan bir qator tadbirlarga boy bo‘ldi.
Jumladan, Vazirlik Oliy Darajada Singapur, Qirg‘iz Respublikasi va Misrga rasmiy tashriflarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi. Yuqori darajadagi, ya’ni Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlar va ularning o‘rinbosarlari rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyalarining 13 ta mamlakatga umumiy hisobda 17 ta tashrifi amalga oshirildi. Respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokidagi delegatsiyalarning xorijga 38 ta tashrifi tashkil etildi.
Shu bilan birga, xorijiy mamlakatlar davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari, o‘quv muassasalari delegatsiyalarining O‘zbekistonga 57 ta tashrifi amalga oshirildi.
Mazkur tashrif va uchrashuvlar yakuni bo‘yicha tegishli takliflar, “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.
Hisobot davrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Baxtiyor Saidov boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyalarining 3 ta xorijiy tashrifi amalga oshirildi. Shuningdek, Baxtiyor Saidov xorijiy mamlakatlar tashqi siyosat idoralari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan 10 ta telefon orqali muloqoti hamda Toshkentda akkreditatsiyadan o‘tgan chet davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari bilan 45 ta uchrashuv o‘tkazdi.
Bo‘lib o‘tgan muloqotlarda Davlatimiz Rahbarining topshiriq va ko‘rsatmalari ijrosi doirasida O‘zbekiston xalqaro hamkorligi ko‘lamini yanada kengaytirish, mamlakatimizga xorij investitsiyalari oqimini kuchaytirish, mahalliy korxonalarga eksportni jadallashtirishga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha aniq istiqbolli takliflar muhokama qilindi.
O‘zbekiston xalqaro nufuzining ortishi, respublikaning xorijiy hamkorlar bilan siyosiy muloqoti jadallashib borayotgani chet davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlari va xalqaro tashkilotlar yuqori martabali vakillarining mamlakatimizga tashriflari soni ortib borayotganida ham namoyon bo‘lmoqda. Yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonga bunday tashriflar soni 18 taga yetdi.
Jumladan:
- BMT Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad, BMT Bosh kotibining maxsus vakili Natalya German;
- AQSh davlat kotibi Entoni Blinken, Sloveniya Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon, Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Piter Siyarto, Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Asein Isayev, Yaponiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yosikava Yuumi;
- IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi doirasida Ozarbayjon, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va Eron TIV rahbarlari hamda Turkiy davlatlar tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotiblari mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Shu bilan birga, o‘tgan davrida O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili va vazir o‘rinbosarlari tomonidan 28 ta muzokaralar o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston olib borayotgan konstruktiv diplomatiya natijasida hamda Markaziy Osiyo davlatlarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli mintaqamizda chegaralar bo‘yicha uzoq vaqtlardan beri saqlanib kelgan muammolar o‘z yechimini topdi. Hisobot davrida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan 6 ta uchrashuvda mazkur mavzuga doir turli amaliy jihatlar ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimiz xalqaro hamkorligining shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi. Xususan, 6 ta yangi xalqaro bitim imzolandi hamda 41 ta xalqaro shartnoma kuchga kirdi.
Iqtisodiy diplomatiya Tashqi ishlar vazirligi va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi.
Jumladan, yanvar oyida 338 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu jarayonda mamlakatimiz diplomatik vakolatxonalari faol ishtirok etdi.
Mazkur yilning dastdabki ikki oyida 35 million AQSH dollari miqdorida grant va moliyaviy-texnik yordam, mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlariga 22 nafar yetuk xorijiy mutaxassis jalb qilindi.
O‘zbekiston sarmoyaviy salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha chet elda 261 ta tadbir o‘tkazildi.
Konsullik-huquqiy faoliyat doirasida esa chet eldagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy haq-huquqlarini va manfaatlarini himoya qilish, xorijdagi vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratildi.
O‘tgan ikki oy davomida:
- o‘ttiz ikki mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi.
- 794 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi.
Chet elda moddiy jihatdan qiyin ahvolda qolgan 462 nafar fuqaroga qariyb 57 ming AQSh dollari miqdorida yordam ko‘rsatildi.
Ta’kidlash joizki, ko‘rsatilgan yordam miqdori xalqaro tashkilotlar, xayriya jamg‘armalari, yuridik va jismoniy shaxslar, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining beg‘araz yordamlarini o‘z ichiga oladi.
Yana ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, favqulodda vaziyatlar, tabiiy ofatlar, murakkab epidemiologik holatlar va texnogen hodisalar oqibatida zarar ko‘rgan 10 mingga yaqin fuqaromizga 108 ming AQSh dollaridan ziyod ko‘mak ko‘rsatildi. Bunda yordamning katta qismi Turkiyada ro‘y bergan zilzila oqibatida jabr ko‘rgan fuqarolarga ko‘rsatildi.
Chet davlatlarda qiyin vaziyatlarda qolgan, masalan, odam savdosi qurboni bo‘lgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi fuqarolarimizdan 229 nafari Vatanimizga qaytarildi.
Hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslardan 19.5 mingta murojaat kelib tushdi. Bunda chet eldagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarga – 17 304 ta hamda Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga – 2 148 ta murojaat keldi. Kelib tushgan barcha murojaatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi.
Hisobot davrida 14 mingga yaqin chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizasi berildi. Shu o‘rinda e’tiboringizni bir raqamga qaratishni istar edik: 2023-yil yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston hududiga bir million yuz mingga yaqin chet el fuqarosi kirgan. Ya’ni mamlakatimiz hududiga kirgan xorijlik fuqarolarning 99 foizi vizasiz tartibda kelgan. Bu Davlatimiz Rahbarining ochiqlik siyosati, chet el vakillari uchun mamlakatga kirish tartibini soddalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ijobiy natija berayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini rag‘batlantirish borasida muhim ishlar amalga oshirilib borilmoqda.
Shu ma’noda, chet eldagi diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan hisobot davrida 20 733 nafar vatandosh ishtirokida 346 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda vatandoshlarimizning O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shadigan hissasini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib qilish Vazirlik hamda chet eldagi diplomatik vakolatxonalar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Mazkur yo‘nalishda xorij davlatlarida 303 ta festivallar, taqdimotlar, ko‘rgazmalar, uchrashuvlar va boshqa tadbirlar o‘tkazildi. Xorij jamoatchiligining turli vakillari ishtirok etgan tadbirlarda o‘lkamiz boy tarixi va betakror madaniyati, uning ulkan sayyohlik salohiyati, xalqimizning urf-odat va an’analari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Umuman olganda, hisobot davrida Vazirlik tomonidan Davlatimiz Rahbarining tashqi siyosat sohasidagi topshiriq va ko‘rsatmalari sifatli ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli faoliyat olib borildi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati bundan buyon ham amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar haqida siz jamoatchilikni muntazam xabardor qilib boradi.
E’tiboringiz uchun katta rahmat!