Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining sentabr oyidagi faoliyati toʻgʻrisida

 

Assalomu alaykum,

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining sentabr oyidagi faoliyati ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan koʻplab tashriflar, uchrashuvlar, muzokaralarni qamrab oldi.

I. Oʻtgan davrda yurtimizga yuqori darajadagi delegatsiyalarining 13 ta hamda davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari delegatsiyalarining 25 ta tashrifi amalga oshirildi.

Yuqori darajadagi Oʻzbekiston delegatsiyalarining 12 ta mamlakatga umumiy hisobda 25 ta tashrifi ishlab chiqilgan boʻlsa, respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari, ularning oʻrinbosarlari darajasida 17 ta xorij davlatiga 41 ta xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy koʻmak berildi.

Oʻtkazilgan barcha muzokaralar yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonning chet davlatlar bilan aloqalarini yanada jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar hamda tegishli “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz xalqaro nufuzining ortishi xorijiy hamkorlar bilan siyosiy muloqotimiz jadallashib borayotganida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Jumladan, joriy yilning 3-7-sentabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya AQShda qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

Jumladan:

- AQSh Prezidentining maxsus yordamchisi Nikolas Berliner;

- AQSh Senatining Ichki xavfsizlik va hukumat ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi Gari Piters;

- Nyu-York shahri meri Erik Adams;

- Jahon banki vitse-prezidenti Antonella Bassani hamda AQShning bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari.

Vashington shahrida delegatsiyasi AQSh Kongressi kutubxonasi binosida Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirda ishtirok etib, mamlakatimiz Prezidenti rahbarligida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar dasturini doimiy qoʻllab-quvvatlagani uchun barcha hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, 10-12-sentabr kunlari TIV boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasiga safar qilib:

- Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xan Dak Su;

- Yashil rivojlanish global instituti Kengashi raisi, Assambleya prezidenti Pan Gi Mun;

- “Shindong Resources” kompaniyasi rahbari va Koreya-Oʻzbekiston biznes assotsiatsiyasi raisi janob Kim Yong Gu bilan muzokaralar oʻtkazdi va Seul shahrida ikki mamlakatning 300 dan ziyod yetakchi kompaniyalari vakillarini jamlagan Oʻzbekiston-Koreya biznes-forumida ishtirok etdi.

13-sentabr kuni Oʻzbekiston TIV rahbari Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining beshinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik doirasida Dushanbe shahrida Qozogʻiston, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston, turkmanistonlik hamkasblari bilan vazirlar yigʻilishini oʻtkazdi.

Shu bilan birga, sentyabr oyida Nyu-York shahriga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri rahbari Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Braziliya, Qatar, BAA, Gretsiya, Lyuksemburg, Vengriya, Polsha, Gruziya, Isroil, Kipr tashqi siyosiy idoralari rahbarlari, BMT bosh kotibi oʻrinbosarlari, BMT Sivilizatsiyalar Alyansining Oliy vakili, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotiblari bilan alohida uchrashuvlar oʻtkazdi. 

Shuningdek:

- Shanxay hamkorlik tashkiloti;

- Turkiy davlatlar tashkiloti;

- Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashi;

- Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari yigʻilishlarida ishtirok etdi. 

27-28-sentabr kunlari Turkiyaga amalga oshirilgan tashrif davomida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi. Jumladan:

- Turkiya vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz;

- TIV rahbari Hakan Fidan;

- Turkiya Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush;

- Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi prezidenti Serkan Kayala hamda ushbu davlatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan sermahsul muzokaralar oʻtkazildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri ishtirokida koʻplab xorijiy hamkorlar bilan ham ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazildi.

Jumladan:

- Shensi provinsiyasi partiya kotibi Chjao Ide;

- Yaponiya Xalqaro yoshlar palatasi prezidenti Masahiro Aso bilan boʻlib oʻtgan muloqotlarda mamlakatimizning xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Sentabr oyida Vazir Eron va Vengriyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchilarini ham qabul qildi.

Shu bilan birga, oʻtgan davrda Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili hamda vazir oʻrinbosarlari tomonidan 10 dan ziyod uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi. 

II. Oʻzbekistonning koʻp tomonlama diplomatiyasi doirasida davlatimiz idoralari vakillari Jeneva, Kopengagen, Nyu-York, Suchjou, Olmaota, Dushanbe, Bishkek, Tbilisi shaharlarida boʻlib oʻtgan 13 ta xalqaro tadbirlarda qatnashdilar.

III. Iqtisodiy diplomatiya yoʻnalishida 350 dan ortiq turli tadbirlar oʻtkazildi. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan qator investitsiya loyihalarida ishtirok etish uchun Pokiston, Xitoy, Koreya, Yaponiya va boshqa xorijiy davlatlardan mutaxassislarni olib kelishga koʻmaklashildi.

Sentyabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro konferensiya, Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida II Xalqaro hunarmandchilik festivali va Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumini tashkil etishda faol ishtirok etildi.

Oʻtgan davrda diplomatik vakolatxonalarning bevosita koʻmagida umumiy qiymati $36,85 mln.ga teng 25 ta yangi eksport shartnomalari imzolandi. 

IV. Xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yoʻnalishida sentyabr oyida 5 ta hujjat kuchga kirdi va 16 ta hujjat imzolandi. 

V. Xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash asosiy vazifalarimizdandir. 

Xususan, Konsullik-huquqiy faoliyat doirasida:

14 452 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari koʻrsatildi;

229 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan taʼminlashga koʻmaklashildi;

- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 87 nafar fuqaromizga 40 544 AQSh dollari miqdorida yordam koʻrsatildi;

- chetda qiyin vaziyatlarda, yaʼni odam savdosi qurboni boʻlgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 11 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;

Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 150 ta tadbir oʻtkazilib, ularda 14 823 nafar vatandosh qatnashdi.

Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 8 968 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1 391 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga, 7 577 tasi chet eldagi vakolatxonalarimizga yuborilgan. Barchasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqildi va ularga oʻz vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi.

Bir oy mobaynida 15 527 nafar chet el fuqarosiga Oʻzbekistonga kirish vizalari rasmiylashtirilgan, shundan 7 950 tasi elektron tarzda berilgan.

Shu bilan sentabr oyi yakunlariga bagʻishlangan brifingimiz oʻz nihoyasiga yetdi. Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий