O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining oktabr oyidagi faoliyati to‘g‘risida
Hurmatli kuzatuvchilar,
Yakuniga yetgan oktabr oyida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti va kelgusi taraqqiyot yo‘lini belgilab berishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladigan voqea ro‘y berdi. 27-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi parlamenti va mahalliy kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu muhim jarayonda fuqarolarimiz nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda faol qatnashdi. Xorijdagi vatandoshlarimiz ham diplomatik vakolatxonalarimiz qoshida tuzilgan saylov uchastkalarida o‘z konstitutsiyaviy huquqidan to‘liqligicha foydalanishdi.
Saylov jarayonlariga bag‘ishlangan 200 dan ortiq tadbirlarda 150 mingdan ziyod xorijdagi vatandoshlarimiz qatnashdi.
I. O‘tgan oydagi faoliyatimizga to‘xtalsak, oktabrda yurtimizga 500 dan ziyod xorij rasmiy delegatsiyalari tashrif buyurdi, ulardan 160 tasi yuqori darajada. Mamlakatimiz delegatsiyalarining esa xorijga 59 ta, jumladan 19 ta yuqori darajada xizmat safarini tashkillashtirishda amaliy ko‘mak berdik.
Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati ham qator xalqaro miqyosdagi tadbirlarda ishtirok etdi.
Masalan,
- Doha shahrida Osiyoda hamkorlik bo‘yicha muloqotning uchinchi Sammiti;
- Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti ko‘p tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning 2-davrasi;
- Moskva shahrida MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi.
21-22-oktabr kunlari Chexiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Muzokaralar kun tartibidan ikki tomonlama hamkorlikni boyitish, muntazam almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, yanada dinamik iqtisodiy diplomatiyani qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va global masalalar o‘rin oldi. Ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro Anglashuv memorandumi ham imzolandi.
Umuman olganda, Vazirlik rahbariyati tomonidan bir oyda 200 ga yaqin uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.
Jumladan:
- BMT Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (YUNKTAD) Bosh kotibi Rebeka Grinspan;
- Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistondagi saylovni kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari Duglas Veyk;
- YXHT maxsus koordinatori Azay Guliyev va YXHT Parlament Assambleyasi missiyasi rahbari Sargis Xandanyan;
- Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Asad Majid Xon;
- Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi Sergey Lebedev;
- Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala;
- Rossiya, Qatar, Pokiston, Yaponiya Tashqi siyosat idoralari rahbarlari.
Aytishimiz lozimki, o‘tkazilgan barcha muzokaralar yakunlari bo‘yicha chet davlatlar bilan aloqalarimizni yanada jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar hamda “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.
II. Xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari bilan an’anaviy faol muloqot davom ettirildi. Jumladan, Afg‘oniston va Misrning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi yangi rahbarlari faoliyatini boshladi. Nikaraguaning va Ugandaning O‘zbekistonga birinchi Elchilari tayinlandi. Qirg‘iz Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Musa Jamanbayev O‘zbekistondagi o‘z missiyasini yakunladi.
Shu o‘rinda mamlakatimiz hududlarining iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar samaradorligini oshirish, mahalliy mahsulotlar eksporti uchun yangi bozorlar ochishda hududlarga ko‘maklashish maqsadida Tashqi ishlar vazirligining iqtisodiy diplomatiya sohasidagi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Oktabr oyida Vazirlik jamoasi va xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida bo‘lishib, joylarda viloyat rahbarlari, tuman va shaharlar hokimlari, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar bilan muloqotlar o‘tkazildi. Investorlar, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz va ularga biriktirilgan hududlar formatidagi hamkorlik tahlil qilinib, har bir soha rivoji uchun xizmat qiladigan aniq marralar va qilinishi zarur bo‘lgan choralar atroflicha muhokama qilindi.
III. Endi ko‘p tomonlama diplomatiya yo‘nalishida bo‘lib o‘tgan muhim tadbirlarga to‘xtalsak.
Oktabr oyida xorijiy mamlakatlarda tashkillashtirilgan 15 ta ko‘p tomonlama tadbirlarda O‘zbekiston delegatsiyalari ishtirok etdi, ulardan 7 tasi yuqori darajada.
Mamalaktimizda bo‘lib o‘tgan ko‘p tomonlama tadbirlarda ishtirok etish va o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun 30 ga yaqin delegatsiya, jumladan ko‘p tomonlama tuzilmalar rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning 40 dan ziyod ekspertlari tashrif buyurdi.
IV. O‘tgan oyda xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yo‘nalishida jami 42 ta hujjat imzolandi.
V. Endi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tamiz.
Oktabr oyida:
- 16 120 nafar O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;
- 420 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi;
- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 120 nafar fuqaromizga 15 200 AQSh dollari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi;
- chetda qiyin vaziyatlarda, ya’ni odam savdosi qurboni bo‘lgan yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 162 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;
- 20 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;
- 29 nafarga yaqin fuqaroning pasportlari nopok ish beruvchilardan qaytarildi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 11 600 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1100 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga kelgan.
Barcha murojaatlarga nisbatan o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi.
Bir oy mobaynida 28 795 nafar chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizalari Elchixonalar va Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan, shuningdek, elektron tarzda rasmiylashtirilgan.
Shu bilan oktabr oyi yakunlariga bag‘ishlangan brifingimiz o‘z nihoyasiga yetdi.
Hurmatli kuzatuvchilar, OAV vakillari, Vazirligimiz faoliyatiga doir sizni qiziqtirayotgan savollaringiz bo‘lsa, ularni Matbuot xizmatigi yo‘llashingiz mumkin. Navbatdagi brifinglarimizda ularga javoblar taqdim etamiz.
Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.
E’tiboringiz uchun rahmat!