Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining may oyidagi faoliyati toʻgʻrisida Vazirlik matbuot kotibining brifingi

 Hurmatli kuzatuvchilar,

Tashqi ishlar vazirligining oʻtgan bir oylik faoliyati boʻyicha brifingimizni boshlaymiz. May oyida mamalakatimiz bir qancha yirik anjumanlarga mezbonlik qildi, ko‘plab nufuzli delegatsiyalarni kutib oldi.

I. Xususan, oʻtgan oyda yurtimizga 175 ta xorij rasmiy delegatsiyalari tashrif buyurdi, ulardan 35 tasi yuqori darajada.

Mamlakatimiz delegatsiyalarining esa xorijga 157 ta, jumladan 40 ta yuqori darajada xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy koʻmak berdik.

 

7-may kuni Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto mamalaktimizga tashrif buyurdi. Vazirligimizda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik, qator sohalardagi aloqalarimizni yanada faollashtirish yo‘llari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo Anglashuv memorandumi hamda ikki davlat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi.

O‘zbekiston TIV rahbari boshchiligidagi delegatsiya 8-9-may kunlari Pokistonga tashrif buyurdi. Delegatsiyamizni Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif qabul qildi. Pokiston Bosh vaziri o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Muhammad Is’hoq Dar hamda boshqa qator davlat idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. 

Muzokaralarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy muloqotni faollashtirish, barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. O‘zbekiston-Pokiston kun tartibini amaliy mazmun bilan boyitish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashqi ishlar vaziri 15-may kuni yurtimizga tashrif bilan kelgan Kipr tashqi ishlar vaziri Konstantinos Kombos bilan uchrashdi. Vazirlar o‘zaro munosabatlarni har tomonlama kengaytirish, hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, parlamentlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni qo‘llab-quvvatlash kabi ko‘plab masalalarni muhokama qildilar hamda Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod qilish bo‘yicha hukumatlararo bitimni imzoladilar.

Tashqi ishlar vaziri 22-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan birgalikda Tehron shahrida bo‘lib o‘tgan Eronning marhum Prezidenti, tashqi ishlar vaziri va boshqa yuqori martabali mulozimlari bilan vidolashuv marosimida ishtirok etdi.

Shu kuni Vazirlikda AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Uzra Zeya bilan ham ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

May oyida Oʻzbekiston TIV rahbari Kuba, Rossiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqotlar oʻtkazdi. 

Xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari bilan anʼanaviy faol muloqot davom ettirildi. 

Xususan, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Daniya, Filippin, Litva, Moldova, Portugaliya va Tailandning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. 

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili hamda vazir oʻrinbosarlari tomonidan bir oyda 60 ga yaqin uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi. 

Qayd etish joizki, o‘tgan oyda Nyu-York shahrida Oʻzbekiston va Jibuti oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisida Qoʻshma kommyunike imzolandi. Jibuti Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan 149-davlat boʻldi.

Aytishimiz lozimki, oʻtkazilgan barcha muzokaralar yakunlari boʻyicha chet davlatlar bilan aloqalarimizni yanada jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar hamda “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

 

II. Endi koʻp tomonlama diplomatiya yo‘nalishida bo‘lib o‘tgan muhim tadbirlarga to‘xtalsak.

Vazir 20-21-may kunlari amaliy tashrif bilan Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘ldi hamda Shanxay hamkorlik Tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Vazirlar ShHT doirasidagi hamkorlikning ustuvor jihatlari va sohalari bo‘yicha qator dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar. Xususan, iqtisodiy hamkorlik, xavfsizlik, transport-logistika, madaniy-gumanitar va boshqa yo‘nalishlar yuzasidan ochiq va konstruktiv fikr almashdilar.

Tadbir doirasida O‘zbekiston TIV rahbari hamkasblari bilan birgalikda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tomonidan qabul qilindi. Shuningdek, Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I hamda Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

TIV rahbari boshchiligidagi delegatsiya 28-29-may kunlari Italiya poytaxti Rim shahrida bo‘lib o‘tgan “Italiya – Markaziy Osiyo” vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi. Anjumanda Markaziy Osiyo va Italiya oʻrtasida “yashil” energiya, transport, savdo, investitsiya, oliy taʼlim, xalq diplomatiyasi kabi bir qancha yoʻnalishlar boʻyicha amaliy hamkorlikni kengaytirishga doir takliflar ko‘rib chiqildi.

Tashrif mobaynida Italiya universitet va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini hamda Italiya Deputatlar palatasi raisi Lorenzo Fontana bilan muzokaralar, Italiyaning 30 ga yaqin kompaniyalari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Shuningdek, Vazir Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi bosh qarorgohiga tashrif buyurib, fond Prezidenti Alvaro Lario bilan uchrashdi.

Ko‘p tomonlama tadbirlar haqida gap ketganda may oyida Samarqand shahrida Osiyo xotin-qizlar forumi hamda Xiva shahrida Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar turizm vazirlari yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini alohida ta’kidlash lozim. 

O‘tgan oyda ko‘p tomonlama tuzilmalarning 30 ga yaqin delgatsiyalari yurtimizga tashrif buyurdi. Ularning yarmi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning yuqori martabali vakillari hisoblanadi.

Xususan, tashqi ishlar vaziri bu yo‘nalishda qator muzokaralar o‘tkazdi, jumladan:

- BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, “BMT-Ayollar” tuzilmasi Ijrochi direktori Sima Sami Iskandar Bahus;

- BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi direktori Tatyana Molchan; 

- BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Aksilterror boshqarmasi boshlig‘i Vladimir Voronkov;

- Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala;

- Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti bosh direktori Salim bin Muhammad al-Malik;

- Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha. 

Shu bilan birga dunyoning turli shaharlarida boʻlib oʻtgan 20 ga yaqin xalqaro tadbirda davlatimiz idoralari vakillari qatnashdilar. 

 

III. Oʻtgan oyda xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yoʻnalishida jami 36 ta hujjat imzolandi.

 

IV. Endi xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtamiz.

May oyida:

15 156 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari koʻrsatildi;

2 793 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan taʼminlashga koʻmaklashildi;

- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 158 nafar fuqaromizga 20 152 AQSh dollari miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi;

- chetda qiyin vaziyatlarda, yaʼni odam savdosi qurboni boʻlgan yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 244 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;

9 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;

- pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qoʻyilgan 21 nafar fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qaytarildi;

21 fuqaroga ish beruvchidan to‘lanmay qolgan ish haqlarini undirilishiga yordam ko‘rsatildi.

Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 146 ta tadbir oʻtkazilib, ularda 9 140 ta vatandoshlar qatnashdi.

Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 12 541 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1035 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga kelgan.

Barcha murojaatlarga nisbatan oʻz vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi.

Bir oy mobaynida 12 818 nafar chet el fuqarosiga Oʻzbekistonga kirish vizalari Elchixonalar, 122 ta viza Konsullik-xuquqiy departamenti tomonidan rasmiylashtirilgan. Shu bilan birga elektron tarzda 15 445 ta viza rasmiylashtirilgan.

 

V. Vazirligimiz Matbuot xizmatiga kelib tushgan savollarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

1-savol. Tailand tomonidan O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy qilingani xabarlar tarqaldi. Bu maʼlumot qanchalik asosli?

Javob: 

Darhaqiqat, 2024-yil 29-may kuni Tailand ommaviy axborot vositalarida mamlakat iqtisodiyotini rag‘batlantirish maqsadida Hukumat viza qoidalarini yumshatishni o‘z ichiga olgan iqtisodiy rag‘batlantirish rejasini eʼlon qilgani to‘g‘risida axborot tarqatildi.

Unga ko‘ra, Tailandga 60 kungacha vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar soni amaldagi 57 tadan 93 taga ko‘payadi, 36 ta yangi davlatlar qatoriga O‘zbekiston ham kiritilgan.

Ushbu masala bo‘yicha mamlakatimizning Bangkokdagi bosh konsulxonasi Tailand Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi. Tailand TIV Konsullik departamenti maʼlumotiga ko‘ra, viza rejimining uzaytirilishi to‘g‘risida hozircha rasman hech qanday maʼlumot eʼlon qilingani yo‘q.

Tailand TIV mintaqaviy boshqarmasi maʼlumotiga ko‘ra, viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha hukumat qarori mavjud va bu bo‘yicha Konsullik departamenti tomonidan Tailandning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga tegishli yo‘riqnoma yuboriladi va TIV saytida rasmiy maʼlumot chop etiladi.

Shuningdek, bir tomonlama joriy etilayotgan viza rejimini soddalashtirish tartibi maʼlum muddatdan so‘ng bekor qilinishi mumkin. O‘zbekiston TIV Tailand tomonidan rasmiy nota olinishi bilan qo‘shimcha xabar beramiz.

 

2-savol. Joriy yilda O‘zbekistonda Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki Boshqaruvchilar kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tar ekan. Ushbu tadbirga milliy va xorijiy OAV vakillari taklif etiladimi va qay tartibda ro‘yxatdan o‘tiladi?

Javob: 

2024-yilning 25-26-sentabr kunlari Samarqand shahrida Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki Boshqaruvchilar kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Ushbu tadbirga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy ishlar boshlanib yuborildi. Biz yaqinda ushbu tadbirga milliy va xorijiy OAVni jalb etish bo‘yicha Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdik.

Shuni aytish kerakki, xalqaro tadbirni yoritish uchun OAV vakillari taklif etiladilar. Ular uchun Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki rasmiy saytida maxsus akkreditatsiyadan o‘tish bo‘limi ochiladi. Bu bo‘yicha iyul oyining boshida qo‘shimcha maʼlumot beramiz.

 

3-savol. Ayni damda ta’til mavsumi boshlanmoqda. Ba’zi hollarda fuqarolarimiz chet el safarlari davomida pasportlarini yo‘qotib qo‘yishlari yoki boshqa muammolarga duch kelishlari kuzatiladi. Shu holatlarda Tashqi ishlar vazirligi qanday yordam bera oladi?

Javob:

Albatta, Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qonuniy haq-huquqlarini dunyoning har qanday nuqtasida himoya qilishga tayyor. Fuqarolarimizdan chet elga chiqishdan oldin o‘sha mamlakatdagi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalari haqida axborotga ega bo‘lishlarini, ularning aloqa raqamlarini saqlab qo‘yishlarini so‘rab qolamiz. Zarurat tug‘ilgan taqdirda, ularga murojaat qilishlari mumkin. TIV Konsullik-huquqiy departamenti va xorijdagi barcha vakolatxonalarimiz aloqa ma’lumotlari Vazirligimiz veb-saytida uch tilda joylashtirilgan.

 

4-savol. G‘azo sektorida vaziyat og‘irligicha qolmoqda, o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiriqlarga qaramasdan tomonlar bir kelishuvga kelmayapti. Shu o‘rinda AQSh Prezidenti Jo Bayden e’lon qilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejasiga O‘zbekiston TIV qanday munosabat bildiradi.

Javob: 

Biz G‘azo sektorida tinch aholi, ayniqsa ayollar va bolalar qurbonlari bo‘lgan to‘qnashuvlarni diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Bu holat bizni chuqur xavotirga solmoqda.

O‘zbekiston mojarolarni faqat tinch yo‘l va barcha mavjud diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori.

Shu munosabat bilan inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Biz barcha mamlakatlarning harakatlarini, jumladan, AQShning o‘t ochishni to‘xtatish, garovga olinganlarni ozod qilish va tinch hayotni tiklash bo‘yicha tashabbusini olqishlaymiz.

Biz barcha tomonlarni vazminlikka, xalqaro huquqni hurmat qilishga, zo‘ravonlikni oldini olishga va tinch aholi orasida qurbonlar sonining yanada ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz.

 

5-savol. Yaqinda Rossiya Prezidenti Toshkentga tashrif buyurdi. Muzokaralar davomida hozirda Rossiyada 1 million ishchi migrantlarimiz borligi ma’lum qilindi. Bu ko‘rsatgich qanchalik o‘zgargan?

Javob: 

Mamlakatimizda mehnat migrantlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari yaratish, yangi xalqaro bozorlarni ochish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning yorqin ifodasini Rossiyada mehnat migrantlari soni kamayib, ular uchun yangi imkoniyatlar ochilgani bilan izohlash mumkin. Jumladan, yaqinda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berganidek, hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasida 1 million kishi atrofida O‘zbekiston fuqarolari mehnat qilmoqda. 2016-yil statistikasi bilan solishtirsak, bu ko‘rsatgich 4 barobarga kamayganini ko‘ramiz. 

Ayni vaqtda Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Ko‘rfaz arab mamlakatlarida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshlarimiz soni ortib bormoqda.

 

Shu bilan may oyi yakunlariga bagʻishlangan brifingimiz oʻz nihoyasiga yetdi. 

Hurmatli kuzatuvchilar, OAV vakillari, Vazirligimiz faoliyatiga doir sizni qiziqtirayotgan savollaringiz bo‘lsa, ularni Matbuot xizmatigi yo‘llashingiz mumkin. Navbatdagi brifinglarimizda ularga javoblar taqdim etamiz.

Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.

 

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий