O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining mart oyidagi faoliyati to'g'risida
TIV matbuot kotibi A.Burxanov brifingidan:
Assalomu alaykum, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining mart oyidagi faoliyati haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Vazirligimiz faoliyati sermahsul va muhim tadbirlarga boy bo‘ldi. Ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli tashqi siyosatni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ko‘plab tashriflar, uchrashuvlar, muzokaralar amalga oshirildi.
I. Dastavval ikki tomonlama siyosiy tadbirlar haqida alohida to‘xtalib o‘tsak.
1. O‘zbekistonga 6 ta davlat yuqori darajadagi delegatsiyalarining 7 ta tashrifi amalga oshirildi.
Shu bilan birga, 19 ta mamlakat davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari delegatsiyalarining O‘zbekistonga 33 ta tashrifi amalga oshirildi.
2. Yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyalarining 9 ta mamlakatga umumiy hisobda 19 ta tashrifi ishlab chiqildi.
Respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokidagi delegatsiyalar 15 ta xorij davlatiga umumiy hisobda 23 ta xizmat safariga borishiga amaliy yordam berildi.
O‘tkazilgan tashrif va uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning chet davlatlar bilan aloqalarini yanada jadallashtirish bo‘yicha aniq takliflar hamda, zarur hollarda, tegishli “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.
3. Mart oyida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari qator muhim samarali uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Jumladan, TIV rahbari boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyalarining Eron, Vengriya va Turkmanistonga tashrifi amalga oshirilib, ular doirasida 14 ta uchrashuv, muzokara va tadbirlar o‘tkazildi.
Shu o‘rinda Vengriyaga amalga oshirilgan tashrif haqida muxtasar to‘xtalib o‘tsak. Rasmiy Budapesht mazkur tashrifga yuksak baho berib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari boshchiligidagi delegatsiya Vengriyaga ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk marotaba kelganini alohida eʼtirof etdi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muhim tarixiy voqea – Budapeshtda O‘zbekiston Elchixonasining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Qayd etilganidek, Vengriya poytaxtida O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasining ochilishi ikki davlat rahbarlari tomonidan o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirishga hamda umumiy kun tartibini yangi amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida O‘zbekiston TIV rahbari ikki mamlakatning 60 dan ortiq yetakchi kompaniyalarining 100 ga yaqin vakillari ishtirokida tashkil etilgan biznes-forumning ochilish marosimida ham qatnashdi.
Shuningdek, mart oyida Koreya Respublikasi, Yaponiya, Qirg‘iz Respublikasi va Hindiston tashqi tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan 4 ta telefon orqali muloqot o'tkazildi.
Mamlakatimiz xalqaro nufuzining ortishi, respublikaning xorijiy hamkorlar bilan siyosiy muloqoti jadallashib borayotgani chet davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlari va xalqaro tashkilotlar yuqori martabali vakillari bilan uchrashuvlar muntazam xususiyat kasb etayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Jumladan, mart oyida O'zbekiston TIV rahbari:
- Amerika Qo‘shma Shtatlari davlat kotibi Entoni Blinken;
- Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg;
- Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakala;
- Rossiya Prezidentining Xalqaro madaniy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy bilan uchrashdi.
Bo‘lib o‘tgan muloqotlarda Davlatimiz Rahbarining topshiriq va ko‘rsatmalari ijrosi doirasida O‘zbekiston xalqaro hamkorligi ko‘lamini yanada kengaytirish, mamlakatimizga xorij investitsiyalari oqimini kuchaytirish, mahalliy korxonalarga eksportni jadallashtirishga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha aniq istiqbolli takliflar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, o‘tgan davrda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili hamda vazir o‘rinbosarlari tomonidan 19 ta uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.
II. Endi eʼtiboringizni O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasiga qaratamiz.
1. Abu-Dabi, Budapesht, Dehli, Doha, Jeneva, Manama, Moskva, Nyu-York shaharlarida bo‘lib o‘tgan 12 ta ko‘p tomonlama tadbirlarda yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyalari ishtirok etdi.
Anqara, Belgrad, Valensiya, Varshava, Vena, Dushanbe, Istanbul, Kopengagen, Moskva, Olmaota, Ostona, Praga, Qozon shaharlarida bo‘lib o‘tgan 16 ta ko‘p tomonlama tadbirlarda O‘zbekiston davlat idoralari vakillari qatnashdilar.
2. O‘zbekiston TIV rahbari 16-mart kuni Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishiga raislik qilib, Vengriya va turkiyalik hamkasblari Piter Siyarto va Mevlyut Chavusho’glu bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
3. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yuqori martabali vakillarining O‘zbekistonga 7 ta tashrifi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston TIV rahbari yurtimizga tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk bilan uchrashdi.
Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning ekspertlari darajasidagi delegatsiyalarining O‘zbekistonga 12 ta tashrifi o‘tkazildi.
III. Mamlakatimiz xalqaro hamkorligining shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi. Xususan, 1 ta yangi xalqaro bitim imzolandi hamda 3 ta xalqaro shartnoma kuchga kirishi uchun zarur davlat ichki protseduralari bajarildi.
IV. Iqtisodiy diplomatiya Tashqi ishlar vazirligi va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi.
Jumladan, xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan 14 ta xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda 100 dan ortiq O‘zbekiston korxonalari ishtiroki taʼminlandi.
Berlin, Budapesht, Gamburg shaharlarida biznes-forumlar tashkillashtirildi.
Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki delegatsiyalarining O‘zbekistonga tashriflari ishlab chiqildi.
Xorijdagi vakolatxonalar tomonidan 46 ta davlatga umumiy qiymati 500 million AQSh dollaridan ortiq mahsulotlar eksportini amalga oshirishga yordam berildi.
Mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha chet ellik hamkorlar bilan 90 ta uchrashuv o‘tkazildi.
V. Xabaringiz bor, bizning yana bir asosiy faoliyat yo‘nalishimizga xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash kabi ustuvor vazifalar kiradi. Shu maʼnoda konsullik-huquqiy faoliyat doirasida:
- 18 125 nafar O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;
- 391 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan taʼminlashga ko‘maklashildi;
- chet elda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 128 nafar fuqaroga qariyb 23 850 AQSH dollari miqdorida yordam ko‘rsatildi;
- chet davlatlarda qiyin vaziyatlarda qolgan, masalan, odam savdosi qurboni bo‘lgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 32 nafari fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi.
33 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi. Pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan 21 fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjati qaytarib olib berildi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 12 697 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 10 883 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga, 1 814 tasi esa chet eldagi vakolatxonalarga kelgan. Barcha murojaatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi.
13 009 ta chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizalari rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan 6 700 tasi elektron tarzda berilgan.
Shu bilan mart oyi yakunlariga bag‘ishlangan brifingimiz nihoyasiga yetdi.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!