Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2023-yil may oyidagi faoliyati toʻgʻrisida
Assalomu alaykum!
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining may oyidagi faoliyati haqidagi qisqacha axborotni taqdim etamiz.
I. Oʻtgan davrda ikki tomonlama hamkorlik doirasida mamlakatimizga yuqori darajadagi delegatsiyalarning 22 ta hamda davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari delegatsiyalarining 31 ta tashrifi amalga oshirildi.
Yuqori darajadagi Oʻzbekiston delegatsiyalarining 11 ta chet mamlakatga 34 ta tashrifi ishlab chiqildi hamda respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari va ularning oʻrinbosarlari ishtirokidagi delegatsiyalar 12 ta xorij davlatiga 28 ta xizmat safariga borishiga amaliy koʻmak berildi.
Bunday yuqori dinamika xorijiy hamkorlarimiz bilan aloqalarimizni jadallashtirishda va aniq kelishuvlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
II. Koʻp tomonlama hamkorlikka toʻxtalsak, Ashxobod, Boku, Dushanbe, Jeneva, Nyu-York, Parij, Seul, Sian va Sofiya shaharlarida boʻlib oʻtgan 10 ta xalqaro tadbirlarlarda yuqori darajada hamda Gimborn, Dushanbe, Istanbul, Panaji, Shusha shaharlarida boʻlib oʻtgan 21 ta tadbirlarlarda davlatimiz idoralari vakillari darajasida delegatsiyalarimiz qatnashdilar.
Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning ekspertlari darajasidagi delegatsiyalarining esa Oʻzbekistonga 7 ta tashrifi amalga oshirildi.
III. May oyida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, chet davlatlar yuqori martabali vakillari hamda tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan 14 ta uchrashuv oʻtkazdi.
Xususan:
- 3-may kuni Germaniyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasida ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bilan vazirliklar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
- 4-5-may kunlari Hindistonning Goa shtatida boʻlib oʻtgan SHHTga aʼzo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, uning doirasida Hindiston TIV rahbari Subramanyam Jayshankar va Pokiston tashqi ishlar vaziri Biloval-Bhutto Zardoriy bilan alohida uchrashuvlar oʻtkazildi.
- 7-may kuni mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad Al-Murayxiy bilan uchrashildi. Shuningdek, shu kuni Qatar Davlatining Toshkent shahrida Elchixonasi ochilishiga bagʻishlangan marosimda ishtirok etildi.
- 22-may kuni Moskva shahrida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan samarali uchrashuv oʻtkazilib, muloqotda oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada boyitish boʻyicha qator sohalar va istiqbolli yoʻnalishlar belgilab olindi.
- 28-may kuni Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan telefon muloqoti boʻlib, Ozarbayjon milliy bayrami – Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. Bundan tashqari, Toshkent shahrida Haydar Aliyev tavalludining 100-yilligiga bagʻishlangan tadbirda ham qatnashildi.
Shu bilan birga, oʻtgan davrda Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili hamda vazir oʻrinbosarlari tomonidan 35 ta uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi.
IV. Mamlakatimiz xalqaro hamkorligining shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish boʻyicha ham tizimli ishlar olib borildi. Xususan, 70 ta yangi xalqaro bitim imzolandi hamda 6 ta xalqaro shartnoma kuchga kirishi uchun zarur davlat ichki protseduralari bajarildi.
V. Iqtisodiy diplomatiya Tashqi ishlar vazirligi va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanalib, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, may oyida iqtisodiy diplomatiya yoʻnalishida 320 dan ortiq turli tadbirlar tashkil etildi. Diplomatik vakolatxonalarning bevosita koʻmagida umumiy qiymati 80 mln. AQSH dollariga teng 103 ta yangi eksport shartnomalari imzolandi.
Shuningdek, iqtisodiy diplomatiya sohasidagi muhim voqea –Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yigʻilishi 16-18-may kunlari Samarqand shahrida yuqori darajada oʻtkazilganini alohida taʼkidlash joiz.
VI.Turizmni rivojlantirish boʻyicha Vazirligimiz va diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan mamlakatimizga xorijiy sayyohlarni jalb qilish maqsadida 90 ta uchrashuv, turizm salohiyatini namoyon etuvchi 65 ta taqdimot, shuningdek, 20 ta infotur va press-turlar tashkil etildi.
VII. Konsullik-huquqiy faoliyati boʻyicha oʻtgan davrda:
- 12 536 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari koʻrsatildi;
- 482 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan taʼminlashga koʻmaklashildi;
- chet elda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 122 nafar fuqaroga yordam koʻrsatildi;
- xorijda qiyin vaziyatlarda, masalan, odam savdosi qurboni boʻlgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 63 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi.
- 30 ta fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;
- pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qoʻyilgan 57 fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjati qaytarib olib berildi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 9 516 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ulardan 2 101 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga, 7 415 tasi esa chet eldagi vakolatxonalarga kelgan. Barcha murojaatlar koʻrib chiqilib, ular boʻyicha oʻz vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi.
12 590 nafar chet el fuqarosiga Oʻzbekistonga kirish vizalari berilgan boʻlib, shundan 8 888 tasi elektron tarzda rasmiylashtirilgan.
***
Shu bilan may oyi yakunlariga bagʻishlangan brifingimiz oʻz nihoyasiga yetdi.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!