O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2023-yil aprel oyidagi faoliyati to‘g‘risida

 

TIV matbuot kotibi A.Burxanov brifingidan:

Assalomu alaykum, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining aprel oyidagi faoliyati haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

I. O‘tgan davrda mamlakatimizga 22 ta davlat yuqori darajadagi delegatsiyalarining 27 ta tashrifi bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan birga, 15 ta chet mamlakat davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari delegatsiyalarining O‘zbekistonga 34 ta tashrifi amalga oshirildi. 

Yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyalarining 6 ta mamlakatga 9 ta tashrifi ishlab chiqildi.

Respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokidagi delegatsiyalar 16 ta xorij davlatiga 29 ta xizmat safariga borishiga amaliy yordam berildi.

O‘tkazilgan tashrif va uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha xorij tomoni bilan aloqalarni jadallashtirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqildi.

II. Vena, Dehli, London, Nyu-York, Memfis shaharlarida bo‘lib o‘tgan 11 ta ko‘p tomonlama tadbirlarda yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyalari ishtirok etdi.

Dushanbe, Gimborn, Istanbul, Panaji, Shusha shaharlarida bo‘lib o‘tgan 6 ta ko‘p tomonlama tadbirlarda O‘zbekiston davlat idoralari vakillari qatnashdilar.

Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning ekspertlari darajasidagi delegatsiyalarining O‘zbekistonga 13 ta tashrifi o‘tkazildi.

III. Aprel oyida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov:

- xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, chet davlatlar yuqori martabali vakillari va tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan 23 ta uchrashuv o‘tkazdi;

- 13-14 aprel kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishi, Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida mezbonlik qildi;

- 24 aprel kuni Lyuksemburg shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston - Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashining 17-majlisida hamda 27 aprel kuni Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida qatnashdi;

- Yevropa Ittifoqi davlatlarining Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va arab davlatlarining O‘zbekistondagi elchilari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi;

- 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi va Braziliya Federativ Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan, ushbu mamlakat tashqi siyosat idorasi rahbari Mauro Viyeyra bilan tabrik maktubi almashdi.

Shu bilan birga, o‘tgan davrda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili hamda vazir o‘rinbosarlari tomonidan 34 ta uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

IV. Mamlakatimiz xalqaro hamkorligining shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi. Xususan, 3 ta yangi xalqaro bitim imzolandi hamda 6 ta xalqaro shartnoma kuchga kirishi uchun zarur davlat ichki protseduralari bajarildi.

V. Iqtisodiy diplomatiya doirasida Vazirlik tomonidan tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda 3-4 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan chet davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga safari tashkil etildi. Mazkur tashrif doirasida diplomatik korpus vakillari Orolbo‘yida atrof-muhitni tiklash va barqaror rivojlanishni taʼminlash borasida O‘zbekiston Hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar bilan bevosita tanishdilar.

TIV tomonidan 24-26 aprel kunlari Toshkent shahrida “INNOPROM. Markaziy Osiyo” uchinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasi hamda 27-28 aprel kunlari ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘tkazilishida ko‘maklashildi.

VI. Konsullik-huquqiy faoliyati bo‘yicha:

- 16 238 nafar O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;

- 300 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan taʼminlashga ko‘maklashildi;

- chet elda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 58 nafar fuqaroga qariyb 17 000 AQSH dollari miqdorida yordam ko‘rsatildi;

- chet davlatlarda qiyin vaziyatlarda qolgan, masalan, odam savdosi qurboni bo‘lgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 142 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi. Shu jumladan, Sudanda harbiy murakkab vaziyatda qolib ketgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarolari saudiya tomoni ko‘magida ushbu davlatdan evakuatsiya qilindi;

- 47 ta fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;

- pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan 76 fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjati qaytarib olib berildi.

Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 10 489 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 1 197 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga, 9 292 tasi esa chet eldagi vakolatxonalarga kelgan. Barcha murojaatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi.

12 874 ta chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizalari berilgan bo‘lib, shundan 9 047 tasi elektron tarzda rasmiylashtirilgan.

Umumxalq Referendumini o‘tkazish doirasida 19-26 aprel kunlari muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari amalga oshirildi. O‘zbekiston fuqarolari zich joylashgan 40 ta xorijiy davlatlarda, jumladan diplomatik vakolatxonalarimiz mavjud bo‘lmagan shaharlarda qo‘shimcha ravishda jami 1 003 ta muddatdan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etildi. Shu bilan birga, Referendum kuni diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalar mavjud bo‘lgan 39 ta davlatda 55 ta referendum uchastkalari tashkil etilgan.

***

Shu bilan aprel oyi yakunlariga bag‘ishlangan brifingimiz nihoyasiga yetdi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий