O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida brifing bo‘lib o‘tdi

 O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida 2022-yil 24-27 – iyul kunlari Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashining yig‘ilishi o’tkazildi. 2022-yil 28-29 – iyul kunlari  O‘zbekiston poytaxtida ShHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ShHT Milliy koordinatorlar kengashi majlisi yakunlari hamda ShHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining bo‘lajak yig‘ilishiga doir rejalarga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi.

 

Savol: Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar milliy koordinatorlari yig‘ilishi yakunlari haqida ma’lumot bersangiz.

O‘zbekiston Respublikasining ShHT ishlari bo‘yicha Milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetovning javobi:

– Tadbir joriy yilning 24-27-iyul kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston raisligida ShHTga a’zo barcha sakkiz davlatning Milliy koordinatorlari ishtirokida an’anaviy shaklda bo‘lib o‘tdi.

4 kun davom etgan yig‘ilishda joriy yil 28-29-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashida ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati loyihalari kelishib olindi.

Shu bilan birga, Milliy koordinatorlar joriy yil 15-16-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ShHT sammitiga tayyorgarlikning mazmuniy, tashkiliy-protokol masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda Tashkilot faoliyatining amaldagi kun tartibidagi masalalar ham muhokama qilindi.

Milliy koordinatorlar kengashi ShHTning joriy faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va boshqaruvchi organi hisoblanadi. Aynan shu mexanizm doirasida Davlat rahbarlari kengashi, Hukumat rahbarlari (Bosh vazirlar)  kengashi va Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishlariga zarur tayyorgarlik ishlarini olib boradi.

 

Savol: Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlar kengashining Toshkentdagi yig‘ilishida qaysi davlatlar va qaysi darajada ishtirok etmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljanovning javobi:

- Bugungi kunga qadar Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo barcha davlatlar ShHT Tashqi ishlar vazirlar Kengashi yig‘ilishida ishtirok etishlarini tasdiqladilar, xususan: Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri, Davlat kengashi aʼzosi Van I, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jenbek Kulubayev, Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Bilaval Zardoriy, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin, ShHT Bosh kotibi Chjan Ming va MATT Ijroiya qoʻmitasi direktori Ruslan Mirzayev.

Savol: Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlar Kengashining bo‘lajak yig‘ilishi kun tartibidagi asosiy masalalar haqida gapirib bersangiz.

O‘zbekiston Respublikasining ShHT ishlari bo‘yicha Milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetovning javobi:

– Afg‘oniston bo‘yicha Xalqaro konferensiyadan so‘ng 28-29 – iyul kunlari Toshkentda yana bir muhim xalqaro tadbir – ShHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yuqorida aytib o'tilganidek, barcha Tomonlar tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida bo'lib o'tadigan uchrashuvda ishtirok etadi.

Vazirlar uchrashuvi O‘zbekiston Respublikasining ShHTga amaldagi raisligi davridagi muhim voqealardan biridir.

Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari Tashkilot faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qiladilar, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashadilar.

Vazirlar uchrashuvining muhim jihatlaridan biri ShHTni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishdir. Xususan, ular ShHTning to‘laqonli a’zosi, a’zo davlati va muloqot bo‘yicha hamkori maqomini olish niyatini bildirgan 10 dan ortiq davlatlarning mavjud arizalarini ko‘rib chiqadilar.

ShHT Vazirlar kengashining Toshkent yig‘ilishining asosiy yakuni Samarqand sammitiga kiritiladigan hujjatlar loyihalarini ma’qullash bo‘ladi. Bu nafaqat koʻp qirrali hamkorlikning anʼanaviy yoʻnalishlarini, balki ShHT faoliyati sohasi istiqbollari, xususan, sanoat kooperatsiyasi, mintaqalararo savdo va transport aloqalari sohalarini qamrab olgan mustahkam hujjatlar toʻplamidir.

ShHT Tashqi ishlar vazirlar kengashining bo‘lajak yig‘ilishi ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish hamda mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokamasi uchun yaxshi platforma bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidlamoqchiman.

 

Savol: Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentdagi yig‘ilishini yoritish qanday tashkil qilinadi?

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljanovning javobi:

– Ta’kidlash joizki, bo‘lajak tadbir, umuman, mamlakatimizning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi ommaviy axborot vositalari vakillarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

2022-yil 30-maydan 1-iyulgacha O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tadigan ShHT Tashqi ishlar vazirlar kengashi yig‘ilishini yoritish uchun arizalar qabul qilindi.

160 dan ortiq OAV vakillari, jumladan 80 dan ortiq mahalliy muxbirlar va 75 dan ortiq xorijiy jurnalistlar akkreditatsiyadan o'tkazildi.

Yig‘ilish uchun matbuot markazi tashkil etilib, unda jurnalistlar faoliyati uchun barcha zarur tashkiliy-texnik sharoitlar yaratilgan.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий