O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Qozog‘iston poytaxti Ostona shahriga tashrif buyurdi

 

2024-yilning 19-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rasmiy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ldi.

Tashrif doirasida mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Tokayev tomonidan qabul qilindi. Qo‘shni respublika rahbari Qozog‘iston bundan keyin ham mintaqamiz xalqlari farovonligi va ravnaqi yo‘lida O‘zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan ham alohida muzokaralar o‘tkazdi.

Qayd etilganidek, ikki davlat rahbarlarining shaxsiy va ishonchli muloqoti va mustahkam siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Tomonlar O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash uchun barcha zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

Bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlar jadvali, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish, yangi qo‘shma sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, mintaqalararo aloqalar va xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

TIV rahbarlari maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari va joriy yilga mo‘ljallangan aniq maqsadlarni belgilab beruvchi Bayonnomani imzoladilar. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirlari kengashi to‘g‘risidagi Nizom hamda mazkur Kengashni tashkil etish to‘g‘risidagi qaror parafirlandi.

Muzokaralar yakunida ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий