Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonoti
Internet tarmogʻida ukrainalik jurnalist va bloger Dmitriy Gordonning isroillik tadbirkor Leonid Nevzlin bilan videointervyusi tarqalib, goʻyoki unda Eronning uchuvchisiz uchoqlari (dron) Oʻzbekiston hududida yigʻilayotgani toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumotlar keltirilgan.
Shuni alohida maʼlum qilamizki, Oʻzbekiston Respublikasi Eron Islom Respublikasi bilan harbiy-texnik sohada hamkorlik qilmaydi va oʻz hududida Eron harbiy texnikasini yigʻmaydi.
Shu bilan birga, hozirgi vaqtgacha Ukraina tomonidan ham, boshqa xorijiy hamkorlardan ham “Eron dronlarini yigʻish” masalasi boʻyicha rasmiy murojaatlar kelib tushmagan.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ukraina rasmiy hukumatiga Ukraina ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekiston toʻgʻrisida ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazishi mumkin boʻlgan bunday asossiz ayblovlar va boshqa ishonchsiz maʼlumotlar tarqatilishining oldini olish boʻyicha tegishli choralar koʻrishni soʻrab murojaat qiladi.