O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining Misr Arab Respublikasiga tashrifiga oid

2026-yil 13-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiyaning Misr Arab Respublikasiga tashrifi doirasida Qohira shahrida qator yuqori darajadagi uchrashuv va tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Misr Arab Respublikasi Bosh vaziri Mustafo Kamol Madbuli bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiga yo‘llagan salomi va ezgu tilaklari yetkazildi. Tomonlar O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash hamda mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif davomida Misr Arab Respublikasi tashqi ishlar, xalqaro hamkorlik va xorijdagi misrliklar vaziri Badr Abdul’ati bilan muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida qator muhim hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Jumladan:
– Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar, xalqaro hamkorlik va xorijdagi misrliklar vazirligi oʻrtasida 2026–2028-yillarga moʻljallangan Hamkorlik dasturi;
– Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi bilan Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar, xalqaro hamkorlik va xorijdagi misrliklar vazirligi huzuridagi Diplomatik tadqiqotlar instituti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Anglashuv memorandumi.
Shuningdek, Misr sanoatchilari federatsiyasida mamlakatning yetakchi ishbilarmon doiralari va yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda ACDIMA Group, Alexx-Performance, Bell Energy, DALTEX Co, EFC Plants, Elsewedy Electric, ORASCOM Construction, Seagull Petroleum and Mining, REDCON Construction, Travco Group va In2Metals kompaniyalari vakillari qatnashdi. Uchrashuv davomida sanoat kooperatsiyasi, energetika, qurilish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, logistika va infratuzilma sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
TIV rahbarining Misr Arab Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Muhammad Farid Salah bilan uchrashuvida esa savdo hajmini oshirish, investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va transport-logistika bog‘liqligini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Geologiya, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, energetika va sanoat sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Tashrif doirasidagi tadbirlar Qohira shahridagi Buyuk Misr muzeyida o‘tkazilgan “O‘zbekiston–Misr: sivilizatsiyalar va meros muloqoti” mavzusidagi madaniy tadbir bilan davom etdi. Tadbir doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti o‘tkazildi. Tomonlar madaniy merosni asrash, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, qo‘lyozmalarni o‘rganish va raqamlashtirish hamda ma’rifat va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Tashrif yakunlari O‘zbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.


