O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri V.Norovning Germaniya TIV rahbari A.Berbok bilan uchrashuvi yakunlariga bag‘ishlangan brifingdagi nutqi

 Assalomu alaykum, hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning O‘zbekistonga amalga oshirayotgan tashrifiga alohida e’tibor qaratganingiz uchun tashakkur.

Bugungi konstruktiv va mazmunli muzokaralar chog‘ida o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorligimizga oid barcha masalalarni atroflicha muhokama qildik.

Uchrashuvda siyosiy-diplomatik, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Germaniya mamlakatimizning muhim va uzoq muddatli hamkori, shu bois O‘zbekiston barcha sohalarda ikki tomonlama sheriklikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor.

O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarini ijobiy sur’atlarda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdik. Aloqalarimiz, jumladan, oliy darajdagi muloqot so‘nggi yillarda yanada ishonchli va tizimli tus olmoqda.

Joriy yilning o‘zida ikki davlat rahbarlarining ikki marta (14-mart va 29-avgust kunlari) mazmunli va samarali telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi, ularda hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Biz oliy darajadagi muloqotni yanada rivojlantirish va Germaniya Federativ Respublikasining amaldagi kansleri Olaf Shols bilan uchrashuv tashkil etish masalalarini ishlab chiqishdan manfaatdormiz.

Germaniya mamlakatimizda, ayniqsa, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni doimiy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Pandemiya oqibatlari va zamonaviy muammolarga qaramay, Yangi O‘zbekistonda islohotlar strategiyasini amalga oshirish davom etmoqda.

Ayni paytda davr talabi bo‘lgan, demokratik islohotlar mantig‘i taqozo etayotgan konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi Konstitutsiya 2016-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan transformatsiya jarayoniga barqaror va ortga qaytmas tus berishga qaratilgan.

Konstitutsiyaviy islohot inson manfaatlari, uning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Konstitutsiyaviy tuzatishlar fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va birinchi marta ekologik huquqlarini kafolatlash va himoya qilishga yo‘naltirilgan.

Asosiy qonun o‘lim jazosini to‘liq bekor qilishni, shuningdek, “Miranda qoidasi” va “Xabeas korpus” tamoyillari kabi institutsional-huquqiy tushunchalarni konstitutsiyaviy tarzda mustahkamlaydi.

O‘zbekiston Germaniya bilan inson huquqlari sohasida faol hamkorlikni kengaytirish tarafdori.

Bu borada biz Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Germaniya Inson huquqlari instituti o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishdan manfaatdormiz.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Germaniya Bundestagi o‘rtasidagi munosabatlarni, jumladan, parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini amalga oshirish orqali yanada rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan biz mazkur delegatsiya tarkibidagi germaniyalik deputatlarning tashrifini va ularning o‘zbekistonlik parlament a’zolari bilan uchrashuvini olqishlaymiz.

Hurmatli jurnalistlar!

Suhbatimiz chog‘ida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini qayd etdik.

Biz Germaniya tomoniga o‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqining «GSP+» tizimining benefitsiar maqomini berilishida ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildiramiz va bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonamiz.

Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi eng yirik savdo sherigi hisoblanadi. Oxirgi 5 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 24 foizga o‘sdi.

Joriy yil boshidan buyon o‘sish 43 foizni tashkil etdi. O‘zbekiston mahsulotlarining Germaniyaga eksporti qariyb 55 foizga oshdi.

O‘tgan yili Germaniyadan 1 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etildi. Joriy yilda Germaniyaning mamlakatimizga kiritgan sarmoyasi hajmi 1,45 milliard AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda.

2009-yilda Samarqand viloyatida yuk avtomobillari va shahar avtobuslari ishlab chiqaradigan “MAN” qo‘shma korxonasi tashkil etildi.

Germaniyaning “«Deutsche Kabel», «Knauf», «Claas», «Papenburg» va «Falk Porsche» kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z korxonalarini ishga tushirdi. Germaniyaning «Deutsche Bank», «Commerzbank» va «Landesbank» banklari bilan moliyaviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

«Siemens», «BASF», «Thissen Group», «Roland Berger», «Adidas Group» va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik olib borilmoqda.

Joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishida Germaniyaning 100 dan ortiq yetakchi kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Ushbu tadbir yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 400 million yevrolik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

Joriy yil oxiriga qadar 900 million yevrodan ortiq nemis investitsiyalarini o‘zlashtirishni rejalashtirganmiz.

O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturiga muvofiq jami 70 milliard AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb etilishi kutilmoqda.

Biz germaniyalik hamkorlarimizni energetika, neft-gaz, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, qurilish kabi muhim tarmoqlardagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishga taklif qilamiz.

Germaniyaning yetakchi kompaniyalari O‘zbekistonda davom etayotgan 55 ta yirik davlat korxonasi va 5 ta bankni xususiylashtirishda ishtirok etishidan manfaatdormiz.

Shu nuqtayi nazardan, Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok xonimga hamrohlik qilayotgan biznes missiyasini qabul qilayotganimizdan mamnunmiz.

Delegatsiya tarkibidagi yetakchi nemis kompaniyalari rahbarlari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan muzokaralar olib boradi va yangi uzoq muddatli loyihalarni belgilab oladi.

Ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishi moliyaviy-texnik hamkorlik bo‘lib, bugungi kunga qadar umumiy hajmi 500 million yevrodan oshdi.

Biz sog‘liqni saqlash va barqaror rivojlanish komponentlari bo‘yicha kelishilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishdan, shuningdek, raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot, energetika va boshqa sohalarda yangi dasturlarni boshlashdan manfaatdormiz.

Hurmatli do‘stlar,

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ta’lim sohasida hamkorlikni jadallashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonda nemis tilini yanada ommalashtirish maqsadida nemis tilini o‘rganishni kengaytirish va mamlakatimizda uni o‘qitish darajasini oshirish bo‘yicha keng qamrovli loyihani boshlash imkoniyatlarini muhokama qildik.

O‘zbekistonda nemis tili 12 ta maktabda chuqur o‘rgatiladi, ulardan 6 tasi (Toshkent, Samarqand, Marg‘ilon, Farg‘ona, Andijon va Paxtaobod shaharlarida) nemis tilining “Shpraxdiplom” diplomini berish huquqiga ega.

974 ta maktabda jami 236 114 nafar o‘quvchi ushbu tilni o‘rganadi, 3 mingdan ortiq o‘qituvchi ushbu tildan dars beradi.

Biz O‘zbekistonda nemis tilini chuqur o‘rganadigan maktablar sonini ko‘paytirishdan manfaatdormiz.

Hozirda 4 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba Germaniya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda.

O‘tgan yili Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etildi va Myunxen universitetining sobiq rahbari, professor V.Herrman uning faxriy rektori bo‘ldi.

Biz Germaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarining mamlakatimizda filiallarini ochish, Germaniya tajribasi bo‘yicha kasb-hunar ta’limining dual tizimini rivojlantirish tarafdorimiz.

Germaniyaning ekologiya sohasidagi tajribasi hisobga olib, atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida hamkorlik qilish alohida qiziqish uyg‘otadi.

Orol dengizi inqirozi oqibatlariga qarshi kurashish hamkorligimizning ajralmas qismidir.

Shu munosabat bilan biz Orolbo‘yi hududida aniq ekologik va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishni taklif qildik.

Bunda iqlim o‘zgarishi, ekologik jihatdan degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklash, innovatsion “yashil” yechimlardan foydalanish sohalarida hamda Germaniya Tashqi ishlar vazirligining “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida hamkorlik qilish muhim hisoblanadi.

Nukusda BMT shafeligida o‘tkaziladigan Orolbo‘yi xalqaro forumiga Germaniya vakillarini ham taklif qildik.

Muzokaralar chog‘ida mintaqaviy va global kun tartibining dolzarb masalalari, jumladan, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik, Afg‘onistonda barqaror tinchlik va taraqqiyotni ta’minlash, Ukrainadagi vaziyat va boshqalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashdik.

Ushbu masalalarning ko‘pchiligi bo‘yicha tomonlarning pozitsiya va yondashuvlari o‘xshashligi qayd etildi.

E’tiboringiz uchun rahmat!

***

“O‘zbekiston 24” telekanali muxbiri tomonidan berilgan savol: 

Muzokaralar chog‘ida afg‘on muammosi muhokama qilindimi? O‘zbekistonning ushbu masala yuzasidan siyosati haqida batafsil so‘zlab bersangiz.

V.Norov javobi:

O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlikka erishish borasida asosiy tamoyilga sodiq qolmoqda.

Afg‘onistonni yakkalab qo‘yishga yo‘l qo‘ymaslik bugungi kundagi muhim masala.

Mamlakatni mavjud muammolar bilan tashlab qo‘yib bo‘lmaydi Bunday vaziyat, shubhasiz, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik uchun salbiy oqibatlarga olib keladi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston doimo Afg‘onistonning barcha ichki siyosiy kuchlari, jumladan, “Tolibon” harakati bilan teng muloqot olib borgan.

Hozirgi kunda mamlakatda og‘ir gumanitar vaziyat yuzaga kelgan bo‘lib, bu holat qish mavsumida yanada keskin tus olishi bizni jiddiy tashvishga solmoqda.

Ijtimoiy yordamdan mahrum bo‘lgan millionlab insonlar og‘ir vaziyatda qolgan.

Tan olish kerak, “Tolibon” hukumati va qo‘shni davlatlar bu muammoni mustaqil ravishda hal etishga qodir emaslar.

Xalqaro hamjamiyat birgalikda harakat qilib, afg‘on xalqiga amaliy yordam ko‘rsatishi lozim deb hisoblaymiz.

O‘zbekiston afg‘on xalqiga bir necha bor oziq-ovqat, birlamchi zaruriy mahsulotlar, dori-darmon va kiyim-kechaklardan iborat bo‘lgan insonparvarlik yordamini yuborgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Termizda Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatish bo‘yicha maxsus Jamg‘arma ta’sis etish tashabbusini ilgari surdi.

Chegaraoldi hududda zamonaviy infrastrukturaga ega bo‘lgan Xalqaro logistik xab tashkil etilgan.

2022-yil 25-oktabrda Mozori-Sharif shahrida xalqaro aeroportni tiklash jarayoni yakunlanganligiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mazkur xalqaro aeroportni foydalanishga topshirish bo‘yicha barcha ishlar o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni 43 nafar afg‘onistonlik mutaxassislar uchun aeronavigatsiya, radar nazorati va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etdi.

O‘zbekiston Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida e’tirof etib, doimo ushbu mamlakatni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga faol jalb qilish tarafdoridir.

“Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish kabi yirik infratuzilma loyihalari orqali Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini bog‘lovchi transport yo‘lagiga aylanishi mumkin.

Shu bois, biz Afg‘onistonning xorijdagi moliyaviy resurslariga qo’yilgan cheklovni olib tashlash hamda xalqaro institutlar tomonidan ushbu mamlakatdagi turli infrastruktura loyihalarini yanada faolroq moliyalashtirilishini muhim deb hisoblaymiz.

O‘zbekiston “Tolibon” tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablari, jumladan, keng qamrovli hukumat ta’sis etish, xotin-qizlar va milliy ozchiliklar huquqlarini hurmat qilish, terrorchi guruhlar bilan aloqalarni batamom uzish, shuningdek Afg‘onistonda turli xil xalqaro terrorchilarning qo‘nim topishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi shartlarning bajarilishi tarafdoridir.

2022-yil 26-27-iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish" mavzuidagi xalqaro konferensiyada tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi Afg‘oniston delegatsiyasining ishtiroki davomida yangi hukumat vakillari jahon hamjamiyatining aniq e’tirozlari va takliflari, xususan ular oldiga qo‘yilayotgan talablarning bajarishlari zarur ekanligi to‘g‘risidagi bayonotlarni eshitdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston Hukumati bilan majburiyatlarni bosqichma-bosqich bajarilishi masalasini muvofiqlashtirish bo‘yicha yuqori darajadagi Xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusi bilan chiqdi.

 

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий