Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri V.I.Norovning “Oʻzbekiston yosh diplomatlari klubi” tashkil qilinishi boʻyicha tadbirdagi nutqi

 Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri V.I.Norovning “Oʻzbekiston yosh diplomatlari klubi” tashkil qilinishi boʻyicha tadbirdagi nutqi

(25-noyabr 2022-yil)

Assalomu alaykum, hurmatli mehmonlar, hamkasblar va qadrli yoshlar!

Bugungi kunda yangi Oʻzbekiston yoshlariga har tomonlama eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Jismoniy va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishdek umummilliy maqsadni amalga oshirish uchun davlatimiz barcha kuch va imkoniyatini safarbar etmoqda.

Bu jarayonda oʻz taqdiri va kelajagini Vatanimiz istiqboli bilan uzviy bogʻliq holda koʻradigan, shu yoʻlda har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib oʻtishga, jasorat va matonat koʻrsatishga tayyor boʻlgan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur egallagan oʻgʻil-qizlarimiz safi tobora kengayib borayotganini alohida taʼkidlash lozim.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan bilimli va iqtidorli yosh kadrlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatga hamohang tarzda, yosh diplomat-kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda oʻzbek diplomatiyasi anʼanalarining davomiyligini saqlash maqsadida Tashqi ishlar vazirligi muassisligida nodavlat notijorat tashkilot sifatida “Oʻzbekiston yosh diplomatlari klubi” tashkil etildi.

Xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalar va yosh diplomatlarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish, ularning oʻz salohiyati hamda qobiliyatini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish Klubning ustuvor vazifalari etib belgilandi.

Bizning milliy davlatchiligimiz necha ming yillik qadimiy tarix va boy madaniyatga ega. Shu jumladan, diplomatik munosabatlar ham tariximizning eng chuqur ildizlariga borib taqaladi.

Ajdodlarimiz orasidan mashhur va mohir diplomatlar, elchilar yetishib chiqqani haqida koʻplab tarixiy maʼlumotlar mavjud.

Dunyodagi diplomatiya hamda xalqaro munosabatlarga oid eng qadimiy manbalar ham aslida Sharqda, jumladan, bizning zaminimizda yaratilganligi hech kimga sir emas.

Shu nuqtayi nazardan, “Yosh diplomatlar klubi” oʻz faoliyatini milliy diplomatiyamizning boy tarixi hamda dunyoning rivojlangan davlatlar tajribasi, zamonaviy diplomatiya fani va sanʼatining eng ilgʻor yutuqlari bilan uygʻunlashtirib olib borishiga ishonchim komildir.

Qadrli doʻstlar!

Ayni paytda bugun zamon oldimizga qanday keskin talablar qoʻyayotganini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Jahon miqyosida raqobat, qarama-qarshilik, turli manfaatlar toʻqnashuvi, geosiyosiy ziddiyatlar tobora kuchayib bormoqda.

Bunday gʻoyat murakkab va tahlikali sharoitda biz kuchli tashqi siyosat olib bormasdan turib, koʻzlagan maqsadlarimizga erisholmaymiz.

Mazkur maqsadlarning poydevori esa bevosita kuchli diplomatlarni shakllantirish hisoblanadi.

“Yosh diplomatlar klubi”ni tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham bugungi zamon talablarini chuqur anglaydigan, oʻzining bor kuch-gʻayratini Vatan ravnaqi yoʻlida safarbar etishni oʻzining burchi deb bilgan yosh diplomatlarni bir maydonga birlashtirishdan iboratdir.

Yetuk diplomat boʻlish uchun nafaqat bilim, tajriba va chet tillarni bilish, balki haqiqiy vatanparvar, oʻz xalqi va yurtining chinakam fidoyisi boʻlish zarur.

Shu sababli, Klub aʼzolarini saralash jarayonida nomzodlarning, eng avvalo, vatanparvarligi, oʻz tanlagan kasbiga boʻlgan haqqoniy qiziqishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Natijada boʻlajak diplomat-kadrlarni shakllantirib chiqaruvchi, yurtimizning ilgʻor oliy taʼlim muassasalari, jumladan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti rahbarlari va Vazirlik xodimlari tomonidan birgalikda olib borilgan ikki bosqichdan iborat sinov yakunlariga koʻra mazkur oliy oʻquv yurtlarida tahsil oluvchi 200 dan ortiq talabgorlar orasidan 50 nafar oʻzini har tomonlama boʻlajak diplomat sifatida namoyon eta olgan iqtidorli talabalar Klub aʼzoligiga tavsiya etildi.

Endilikda Davlatimiz rahbari tomonidan tashqi siyosat sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarga asoslanib Klub aʼzolarining bilim va koʻnikmalari tizimli ravishda mustahkamlanib boriladi.

Ularning Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparati hamda Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonlarida kerakli amaliyotlari tashkil qilinadi.

Qadrli doʻstlar!

Xabaringiz bor, bugungi kunda Tashqi ishlar vazirligi tizimida “Ustoz-shogird” anʼanalarini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Ayni shu maqsadda Vazirlikning “Faxriylar kengashi” tashkil etildi.

Ishonchim komil, agar oʻzbek diplomatiyasining asosini yaratgan hurmatli faxriylarimizning boy bilim hamda tajribasini, ularning uzoqni koʻra olish qobiliyatlarini, yoshlarimizdagi gʻayrat va shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, milliy diplomatiyamizni yanada mustahkamlash sari muhim qadam qoʻygan boʻlamiz.

Bugungi kunda Oʻzbekistonning yangi Uygʻonish davrini yaratish yoʻlida koʻpmillatli xalqimiz fidokorona mehnat qilmoqda.

Ushbu maqsadni amalga oshirishda aynan bizlar oldingi oʻrinlarda turib, yangi tashqi siyosatimizning ustuvor vazifalarini bajarishda barcha kuch va imkoniyatlarimizni ishga solishimiz zarurdir.

Bu yoʻlda ulkan orzu-umidlar, katta rejalar bilan safimizga qoʻshilayotgan siz yoshlar – asosiy tayanchimizsizlar.

Ana shu ezgu maqsad yoʻlida barchangizga sihat-salomatlik, “Yosh diplomatlar klubi” faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar va omad, qadrli va aziz yoshlarimizga esa katta marralarga erishish yoʻlida fidoyilik, ilmga chanqoqlik, gʻayrat va shijoat tilab qolaman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий