O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari B.A’loyev Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida brifing o‘tkazdi

 

Hurmatli brifing ishtirokchilari,

Xonimlar va Janoblar,

Aziz vatandoshlar,

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomiga binoan, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi barcha diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassassalari tomonidan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha faol ishlar amalga oshirilmoqda.

1. O‘zbekistonning 39 ta xorijiy davlatlardagi elchixona va bosh konsulxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkalari tashkil etildi.

2. Chet eldagi fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida, ularni saylovchilar ro‘yxatiga qo‘shish uchun maxsus elektron xizmat joriy qilindi (https://saylov.mfa.uz/).

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Dunyo” AA tomonidan xorijiy davlatlarda tashkillashtirilgan saylov uchastkalari manzillari ko‘rsatilgan interaktiv xarita ishlab chiqilib, Agentlik veb-saytida eʼlon qilindi. Shu kunga qadar, mazkur interaktiv xaritadan xorijda bo‘lib turgan 165 mingdan ortiq vatandoshlarimiz foydalanishdi.

3. Yuqoridagi saylov uchastkalarida joriy yilning 28-iyun – 5-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazildi.

Ushbu jarayonda, jumladan O‘zbekiston fuqarolari zich joylashgan 45 ta xorijiy davlatlarda, jumladan diplomatik vakolatxonalarimiz mavjud bo‘lmagan shaharlarda qo‘shimcha ravishda jami 906 ta ko‘chma ovoz berish nuqtalari tashkil etildi. Muddatdan oldin ovoz berish jarayonini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Rossiya, Qozog‘iston, Koreya va Turkiya davlatlariga 100 nafar mutaxassisdan iborat jami 50 ta guruhlar xizmat safariga yuborildi. Ushbu muddatdan oldin ovoz berish jarayonida 180 729 nafar fuqarolarimiz o‘z konstitutsion huquqlaridan foydalanishdi.

4. Xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassassalar tomonidan ushbu muhim siyosiy tadbir to‘g‘risida chet eldagi fuqarolarimizning hamda mahalliy aholining xabardorligini oshirish maqsadida vatandoshlar, xorijiy ommaviy axborot vositalari, chet el rasmiylari va ekspertlari ishtirokida 650 dan ortiq targ‘ibot-tashviqot ishlari, brifing, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil qilindi va ularda 82 mingdan ziyod ishtirokchilar qatnashdi.

Xorijdagi saylov jarayonlarini OAVda keng yoritilishini taʼminlash maqsadida Rossiya (Moskva, Sankt-Peterburg, Vladivostok shaharlari), Koreya, Qozog‘iston hamda Turkiya davlatlariga O‘zbekiston MTRK xodimlari yuborildi. Hozirgi paytda ular ushbu davlatlarda o‘tayotgan saylov jarayonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatmoqdalar.

5. Shuningdek, Elchixonalar va konsullik muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan media-reja asosida 2023-yilning 8-mayidan 7-iyuligacha bo‘lgan davrda 37 ta xorijiy mamlakatning 232 ta yetakchi OAVda mavzuga doir 396 ta material nashr etildi. Ular dunyo miqyosida 150-200 million atrofidagi auditoriyani qamrab oldi.

Bundan tashqari, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini saylovga keng jalb qilish maqsadida vatandoshlar va diasporal tashkilotlarning ijtimoiy tarmoqlari orqali 1 300 dan ortiq saylovga oid maʼlumotlar tarqatildi.

Shu bilan birga, “Dunyo” axborot agentligi veb-saytida “Prezident saylovi - 2023” sahifasi ochilib, may-iyun oylari ushbu sahifada 500 dan ortiq saylovga oid materiallar (maqolalar, munosabatlar va intervyular) joylashtirildi.

100 dan ortiq yetakchi xorijiy ekspertlarning munosabatlari mahalliy telekanallar, bosma va elektron nashrlarda keng yoritildi.

Hurmatli brifing ishtirokchilari,

6. Hozirgi vaqtda, 39 ta xorijiy davlatdagi yurtimizning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida tashkil etilgan 56 ta saylov uchastkalarida saylov jarayonini o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Saylov kampaniyasi davrida ushbu tadbirga puxta hozirlik ko‘rildi. Prezident saylovini o‘tkazish uchun tashkil etilgan saylov uchastkalari saylovchilar o‘z xohish irodalarini emin-erkin bildirishi, konstitutsiyaviy huquqlaridan to‘laqonli foydalanishlari uchun shay holatga keltirildi.

Xorijda o‘tkazilayotgan saylovlarda umumiy hisobda 231 ming 776 nafar saylovchi qatnashishi kutilmoqda. (Shulardan 180 ming 729 nafari muddatidan oldin ovoz bergan).

Xorijdagi saylov jarayonlarining dastlabkisi 9-iyul kuni yurtimizning Yaponiya va Koreyadagi diplomatik vakolatxonalarida Toshkent vaqti bilan soat 04.00 da boshlanib, so‘nggisi Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vakolatxonalarda 10-iyul soat 05.00 da yakunlanadi.

Hozirgi vaqtga kelib, dunyoning aksariyat davlatlarida, jumladan, O‘rta va Yaqin Sharq, Osiyo va Tinch Okeaniya , Yevropa davlatlari, Rossiya va barcha qo‘shni mamlakatlarda  ovoz berish jarayonlari boshlangan va qizg‘in davom emoqda.

Fuqarolarimiz ushbu muhim siyosiy tadbirda faol qatnashayotganliklarini maʼlum qilamiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий