O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyevning O‘zbekiston Respublikasi Referendumi bo‘yicha xorijda muddatidan oldin ovoz berish natijalari haqida maʼlumoti

 

 Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari, matbuot anjumani ishtirokchilari, xonimlar va janoblar!

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 31-bandiga binoan, O‘zbekistonning xorijdagi Elchixona va Bosh konsulxonalari tomonidan joriy yilning 19-26 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi referendumining muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari amalga oshirildi.

O‘zbekiston fuqarolari zich joylashgan 40 ta xorijiy davlatlarda, jumladan diplomatik vakolatxonalarimiz mavjud bo‘lmagan shaharlarda qo‘shimcha ravishda jami 1 003 ta muddatdan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etildi.

Ushbu muddatdan oldin ovoz berish jarayonida 159 276 nafar fuqarolarimiz o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishdi.

Xorijdagi vakolatxonalar tomonidan muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida vatandoshlar, xorijiy ommaviy axborot vositalari va chet el rasmiylari ishtirokida 500 dan ziyod tushuntirishlar, brifing va uchrashuvlar tashkil qilindi.

Xorijdagi referendum jarayonlarini OAVda yoritilishini taʼminlash maqsadida Rossiya (Moskva, Sankt-Peterburg, Vladivostok shaharlari), Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Turkiya davlatlariga O‘zbekiston MTRK xodimlari jo‘natildi.

Hozirgi vaqtda, yurtimizning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari mavjud bo‘lgan 39 ta davlatda 55 ta referendum uchastkalari tashkil etilgan.

Xorijdagi referendum jarayonlarining dastlabkisi 30-aprel kuni yurtimizning Yaponiya va Koreyadagi diplomatik vakolatxonalarida Toshkent vaqti bilan soat 04.00 da boshlanib, so‘nggisi Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vakolatxonalarda 1-may kuni soat 05.00 da yakunlanishini maʼlum qilamiz.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizning Sharq va Osiyo mamlakatlaridagi diplomatik vakolatxonalarida, xususan, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Vladivostok, Novosibirsk, Yekaterinburg shaharlarida hamda qo‘shni mamlakatlarda ovoz berish jarayoni boshlandi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий