O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvidagi kirish so‘zi
Bismillahir Rohmanir Rohim,
Vassalaltu vassalamu ala rosulillah
Hurmatli shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy Janobi Oliylari,
Hurmatli Josim Muhammad al-Budayviy Janobi Oliylari,
Hurmatli hamkasblar,
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu,
“Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti Tashqi ishlari vazirlari ikkinchi uchrashuvining aziz ishtirokchilarini poytaxtimiz Toshkentda qutlashdan bag‘oyat mamnunman.
Muloqot formatining Markaziy Osiyodagi ilk davrasi serquyosh O‘zbekiston zaminida bo‘lib o‘tayotgani biz uchun katta sharafdir.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, bugungi tadbirimizni yuqori darajada tashkil etishdagi sa’y-harakatlari uchun kengash Bosh kotibi Josim al-Budayviy Janobi Oliylariga chuqur minnatdorligimni izhor etaman.
Uchrashuvimizning faxriy mehmoni sifatida ishtirok etayotgan qardosh Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov Janobi Oliylarini qutlashdan baxtiyorman.
Ishonchim komil, Ozarbayjonning ushbu muloqot formatidagi ishtiroki uning mavqeini yana-da oshirishga, hamkorligimiz ko‘lamini bundanda kengaytirishga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, bugun o‘zining tabarruk 70 yoshini nishonlayotgan, birodarimiz Bahrayn Podshohligi Tashqi ishlar vaziri, hurmatli Abdullatif bin Rashid al-Zayaniy Janobi Oliylarini chin dildan muborakbod etamiz. Alloh umringizni ziyoda qilsin!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari 2023-yil iyul oyida Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Strategik muloqotning birinchi sammitida Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mintaqasi xalqlarini qadimdan yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyatlar va urf-odatlar, muqaddas islom dinimiz bog‘lab turganligiga alohida urg‘u bergani bejiz emas.
Bugungi uchrashuvimiz tarovatli bahor kunlarida nishonlangan muborak Iyd al-Fitr – Ramazon hayitidan so‘ng o‘tkazilayotganida ramziy ma’no bor, albatta.
Tabiatning uyg‘onish fasli bo‘lgan ko‘klam – ertangi kunimizga ishonch va umid bag‘ishlab, ezgu niyatlarimizni amalga oshishida Yaratganning bizga bergan yana bir marhamatidir.
Alloh taolo duo va ibodatlarimizni qabul etib, qalblarimizni shodlik va mehrga to‘ldirsin! Bir-biriga birodar bo‘lgan xalqlarimiz farovonligi yo‘lida qilayotgan xayrli va ezgu amallarimizda madadkor bo‘lsin!
Qadrli hamkasblar,
Ushbu uchrashuv ikki strategik muhim mintaqa – Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz o‘rtasidagi sheriklikni yana-da mustahkamlashga qaratilgan hamjihatligimiz va qat’iyatligimizning yaqqol tasdig‘idir.
Bu eng avvalo, hamkorligimizning kun tartibini muhokama qilish, 2023-yil Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan formatimizning birinchi sammitida erishilgan kelishuvlarni birgalikda amalga oshirish, xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyatdir.
Bugungi muhim tadbirni Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun barchangizga chin dildan minnatdorlik izhor etib, Sizlarni yana bir bor samimiy qutlab qolaman.
O‘zbekistonga xush kelibsiz!