O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishidagi nutqi

 

Hurmatli Reno-Basso xonim!

Hurmatli Brunner janoblari!

Xorijiy hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari!

Xonimlar va janoblar!

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining bu yilgi yig‘ilishi qadimiy va betakror Samarqandda o‘tkazilayotganini biz mamlakatimizga, islohotlarimizga yuksak ishonch va e’tibor ifodasi sifatida qabul qilamiz.

O‘zbekistonga xush kelibsiz!

Bugungi anjumanni o‘tkazish uchun aynan Samarqand shahri tanlangani chuqur ramziy ma’noga ega, deb o‘ylayman. Azal-azaldan Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan ushbu azim shahar Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni o‘zaro bog‘laydigan, Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy va ilmiy-texnologik almashuvlar makoni bo‘lib xizmat qilgan.

Bu zaminda turli sivilizatsiyalar o‘rtasida yuksak muloqot madaniyati shakllangani bilan biz doimo faxrlanib kelamiz.

Dunyoning barcha mintaqalaridan 2500 dan ortiq mehmonlar ishtirok etayotgan bugungi anjuman ana shu ezgu an’analarni yangi bosqichda davom ettirib, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik ko‘prigini mustahkamlaydi, deb ishonaman.

Tobora kuchayib borayotgan hozirgi geosiyosiy ziddiyatlar davrida bunday ochiq va yaqin muloqotlar, do‘stona aloqalarni yanada kengaytirish barcha mamlakatlar uchun albatta nihoyatda zarur. Shu ma’noda, bugungi nufuzli anjumanning asosiy mavzusi “Barqarorlik uchun investitsiya”, deb belgilangani katta ahamiyatga egadir.

Barchangiz ko‘rib turibsiz, global iqtisodiy muammolar tobora avj olmoqda. Iqlim o‘zgarishi va ekologik xatarlar kuchaymoqda, tabiiy resurslar esa kamayib bormoqda. Bunday murakkab vaziyatda bugungi va kelgusi avlodlar munosib hayot kechirishi uchun yangi texnologiya va loyihalarga ko‘proq investitsiyalar kiritish talab etilmoqda.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, ushbu muhim anjuman davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi, iqtisodiyotlarimiz rivoji uchun sarmoyalarni yanada ko‘paytiradi, barcha a’zo mamlakatlar taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shadi.

Aziz do‘stlar!

O‘zbekistonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining bunday formatdagi yig‘ilishi roppa-rosa 20 yil oldin bo‘lib o‘tgan edi. Bugungi anjumanda yangi mehmonlar bilan birga, avvalgi yig‘ilishda qatnashgan ishtirokchilarni ham ko‘rib turibman.

Shu o‘rinda bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: Bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas.

Olti yil muqaddam boshlagan qat’iy islohotlarimiz natijasida mamlakatimizning qiyofasi butunlay o‘zgardi. Bugun siz, azizlarni mutlaqo yangi muhitda – dunyoga keng ochilayotgan, barcha sohalarda hamkorlik uchun tayyor bo‘lgan Yangi O‘zbekistonda qabul qilayotganimizdan g‘oyat mamnunmiz.

So‘nggi yillarda yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiyotni erkinlashtirish va jahon bozorlariga dadil kirib borish bo‘yicha salmoqli yutuqlarga erishdik, deb ayta olamiz. Jumladan, inson huquqlarini amalda eng oliy qadriyat darajasida ta’minlash maqsadida majburiy mehnat va bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi.

So‘z va e’tiqod erkinligi, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha erishgan amaliy natijalarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda.

Mamlakatimizda ilk bor kambag‘allik mavjudligini tan oldik va uni qisqartirish uchun samarali tizim yaratdik. Bu tizim bilan davlat ko‘magiga muhtoj oilalar to‘liq qamrab olindi.

Shu bilan birga, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud mustaqilligi va odil sudlov institutini mustahkamlash, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash borasidagi islohotlarni qat’iy davom ettiryapmiz.

Aholi va tadbirkorlar manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan tizim – ma’muriy sudlar tashkil etildi. Jamiyatda korrupsiyaga murosasiz bo‘lish muhitini shakllantirish eng ustuvor vazifalarimizdan biriga aylandi.

Xorijiy investor va hamkorlarimiz uzoq kutgan yengillik va imkoniyatlar iqtisodiy islohotlarimizda o‘z aksini topmoqda.

Valyuta tizimi erkinlashtirilgani, tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha to‘siqlar olib tashlangani, 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilingani natijasida tashqi savdo aylanmasi ikki karra oshdi.

Shu bilan birga, soliq yuki qariyb 2 barobar kamaygani, soliq ma’murchiligi soddalashgani, O‘zbekistonda mintaqamizdagi eng jozibador fiskal tizim shakllangani xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilmoqda.

Islohotlarimizga ishonch ortgani tufayli yillik xorijiy sarmoyalar hajmi 2017-yilga nisbatan 3 barobar ko‘paydi.

Umuman, mamlakatimizda qulay biznes muhiti yaratilgani natijasida tadbirkorlar soni 4 barobar oshdi.

Eng muhimi – siyosiy va iqtisodiy islohotlarimizni xalqimiz to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda.

Yaqinda umumxalq referendumida qabul qilingan yangilangan Konstitutsiyamizda islohotlarning ortga qaytmasligi va bardavom bo‘lishi qat’iy kafolatlandi.

Bir so‘z bilan aytganda, biz o‘zimiz tanlagan, uzoq muddatga mo‘ljallangan ochiqlik va barqaror taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmasdan, yanada dadil oldinga boramiz.

Birinchi. Mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investorlarga yanada qulay sharoitlar yaratishni yaxlit tizim asosida amalga oshiramiz.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi chet ellik sarmoyadorlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yib, o‘zaro manf́aatli loyihalar va uzoq muddatli strategiyalarni birgalikda ishlab chiqishda hal qiluvchi bo‘g‘in bo‘ladi.

Hech shubhasiz, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birga tashkil etilgan ushbu muloqot platformasi biz uchun yangi tajribalar orttirishga xizmat qiladi va qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, islohotlar jarayonida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga ko‘maklashadi.

Investorlar qayerda bo‘lmasin, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida tashkil etilgan “yagona darcha” orqali – 14 ta hudud, 208 ta tuman va shaharda hamda O‘zbekistonning xorijdagi barcha diplomatik vakolatxonalarida ularga zarur ko‘mak va xizmatlar ko‘rsatiladi.

Shuningdek, yil yakunigacha xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda tariximizda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ikkinchi. Biz tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat bozorlarini yanada erkinlashtirish siyosatini jadal davom ettiramiz. Jumladan, dunyodagi ishlab chiqarish zanjirlariga qo‘shilish maqsadida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun katta qadamlar tashladik. Ushbu yo‘nalishda bu yil salmoqli natijalarga erishamiz, deb ishonaman.

Uchinchi. Ortiqcha byurokratiyani qisqartirish va korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilish bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning diqqat markazida bo‘ladi.

Bu borada boshlangan ma’muriy islohotlarni izchil davom ettirib, inson va biznesga ko‘maklashadigan, ularga sifatli xizmat ko‘rsatadigan ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimini joriy etamiz.

Hurmatli bank boshqaruvchilari!

Bir fikrni ochiq aytishimiz kerak: islohotlarimizni amalga oshirish va hozirgi natijalarga erishishda xalqaro hamkorlarimizning ko‘magi biz uchun juda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Bugun qat’iy ishonch bilan ayta olaman – O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish yo‘lida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bizning strategik hamkorimizga aylandi. Ayniqsa, bankning mamlakatimizdagi loyihalar portfeli 4 milliard yevrodan oshgani, shundan 3,3 milliard yevrolik loyihalar so‘nggi to‘rt yilda boshlangani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

O‘tgan yil yakuni bilan O‘zbekiston bankning beshta eng asosiy hamkorlari qatoriga kirdi. Yillik investitsiya hajmi bo‘yicha esa, uning Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes sherigiga aylandi.

Eng muhimi, bank bilan xususiy sektorni rivojlantirish borasidagi yondashuv va maqsadlarimiz ham uyg‘un va hamohangdir. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda bank loyihalarida xususiy biznesning ulushi 55 foizga yetgani ham shundan dalolat beradi.

Ayniqsa, bugungi kunda o‘ta dolzarb bo‘lgan “yashil energiya”, ichimlik suvi, yo‘l-transport infratuzilmasi, ekologiya kabi sohalarda hamkorligimiz jadal rivojlanmoqda. Xususan, qayta tiklanadigan energiya sohasida bankning 600 million yevro mablag‘lari ishtirokida yirik loyihalarni boshladik. Bunday faol hamkorligimiz iqtisodiyotimizga boshqa xorijiy investorlarni jalb etishda ham “katalizator” bo‘lib xizmat qilmoqda.

Fursatdan foydalanib, bizni qo‘llab kelayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbariyati, ayniqsa, bank prezidenti Reno-Basso xonimga, bankka a’zo davlatlar hukumatlari va boshqaruvchilariga, bank bilan hamkor tashkilotlar va investorlarga, biz bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirayotgan barcha bank xodimlariga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Hurmatli do‘stlar!

Biz bundan buyon ham islohotlarimizni davom ettirishda rivojlanish borasidagi xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikka tayanamiz.

Birinchidan, biz mamlakatimizning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlashda faqat va faqat xususiy sektoŕga tayanamiz. Shu bois, kelgusi taraqqiyotimiz xususiylashtirish jarayonlari bilan chambarchas bog‘liq ekanini yaxshi tushunamiz.

Bu borada korxonalardagi davlat ulushlarini sotish, strategik kompaniyalar va yirik banklarning aksiyalarini ochiq savdoga chiqarish bo‘yicha yil boshida katta marralarni oldik. Xususan, ilk bor iqtisodiyotimiz uchun strategik ahamiyatga ega 40 ta korxona “IPO”ga olib chiq́iladi.

Ushbu yo‘nalishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan katta dasturni amalga oshiramiz.

Birgina misol, mamlakatimizning eng yirik banklari – “Sanoat qurilish banki” va “Asaka banki”ni xususiylashtirish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan faol ish olib boryapmiz. Shu bilan birga, mamlakatimizning tabiiy resurslaridan samarali foydalanish, eng zamonaviy texnologiyalari bor investorlarni jalb etish bo‘yicha bank bilan alohida dasturni boshladik.

Biz kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha oldimizga katta marralarni qo‘ydik. Ularga erishish uchun tadbirkorlarga yangi-yangi imkoniyat va sharoitlar yaratamiz. Shu maqsadda kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bank bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz.

Ikkinchidan, infratuzilma, tibbiyot, ta’lim, transport, ekologiya kabi davlat ixtiyoridagi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish.

Bu borada bank bilan mamlakatimizda ilk bor Namanganda ichimlik suvi tarmog‘ini boshqarish, Toshkent – Samarqand zamonaviy magistral avtomobil yo‘lini qurish loyihalarini boshlayapmiz.

Salohiyati yuqori bo‘lgan turizm sohasida ham davlat-xususiy sheriklikni kengaytiramiz. O‘ylaymanki, sizlar Samarqandda bo‘lib, mamlakatimizning turizm borasida qanday katta istiqbolga ega ekanini o‘zingiz his qilib turibsiz.

Umuman, mazkur anjuman doirasida sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma, transport, energetika sohalarida 40 dan ortiq yirik davlat-xususiy sheriklik loyihalari taqdimoti o‘tkaziladi. Ushbu loyihalar sizlarda katta qiziqish uyg‘otishiga ishonchim komil.

Uchinchidan, “yashil iqtisodiyot”, ayniqsa, “yashil energiya” sohalarini jadal rivojlantirish.

Biz 2030-yilga qadar elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazishni reja qilganmiz. Bu borada Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan shu yilning o‘zida umumiy quvvati 1,2 gigaVatt bo‘lgan 3 ta yirik quyosh stansiyasi barpo etiladi.

Shu bilan birga, bugungi anjuman bo‘lib o‘tayotgan ko‘hna Samarqand yaqinda bankning “yashil shaharlar” dasturiga kiritildi. Biz Nukus, Andijon, Buxoro va Namangan kabi shaharlarimizni ham ushbu dasturga kiritishda bankning ko‘magiga tayanamiz.

To‘rtinchidan, biz Yangi O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratyapmiz.

Bu borada bank bilan xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha amalga oshirayotgan dasturlarimiz alohida e’tiborga sazovordir. Bunday loyihalarni keskin oshirish bo‘yicha bank bilan hamkorligimizni yanada kengaytiramiz.

Beshinchidan, bank bilan birga ilg‘or agrotexnologiyalar, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yana ko‘plab yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.

Global oziq-ovqat taqchilligi bilan bog‘liq muammolar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bunday loyihalar bank uchun ham, investorlar uchun ham juda foydali bo‘ladi, deb hisoblayman.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Biz Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirishni Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olganmiz.

Mintaqa davlatlari rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va izchil sa’y-harakatimiz natijasida bugun Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikning yorqin namunasiga aylanib bormoqda. Jumladan, qo‘shnilarimiz bilan iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish maqsadida biz qo‘shma investitsiya fondlarini tashkil etdik, sanoat, energetika, transport va suv xo‘jaligida bir qator yirik loyihalarni boshladik. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xorijiy hamkorlarimizni bunday mintaqaviy loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etamiz.

Muhtaram xonimlar va janoblar!

So‘zimning yakunida yana bir fikrni alohida ta’kidlamoqchiman: bugungi xalqaro anjuman Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan mamlakatimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun tarixiy imkoniyat yaratmoqda.

Samarqandga 71 ta mamlakat hukumatlari vakillari tashrif buyurgani ham ushbu davlatlar bilan o‘zaro manfaatli loyihalarni boshlashga katta turtki berishiga aminman.

Bugungi “O‘zbekiston investitsiya taqdimoti”da mamlakatimiz biznes sohasida qanday katta imkoniyatlarga ega ekani atroflicha ko‘rsatib berildi. Bundan tashqari, anjuman doirasida bo‘lib o‘tadigan sessiya va uchrashuvlarda sizlarga yangi loyihalar batafsil taqdim qilinadi.

Shu kunlarda anjumanning har bir ishtirokchisi O‘zbekistondagi yangi biznes yo‘nalishlarini o‘zi uchun kashf etishiga ishonaman. Shu bilan birga, yurtimizning qadimiy tarixi, betakror madaniy merosi, xalqimizga xos mehmondo‘stlik va ochiqko‘ngillik fazilatlari sizlarda unutilmas taassurotlar qoldiradi, deb o‘ylayman.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, faoliyatingizda katta yutuq va omadlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий