O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisidagi nutqi

 

Hurmatli kengash ishtirokchilari!

Hurmatli Reno-Basso xonim!

Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisida ishtirok etayotgan siz, azizlarni chin qalbimdan qutlayman.

Bugungi yig‘ilishimizda jahonning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari bo‘lgan yaqin hamkorlarimiz va yangi sheriklarimizni ko‘rib turganimdan g‘oyat mamnunman.

Kengash o‘tgan davrda o‘zining samarali faoliyatini yaqqol namoyon etdi. Sizlarning sidqidildan ko‘rsatayotgan ko‘magingiz va alohida e’tiboringiz natijasida islohotlarimizga katta yordam beradigan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ilgari surayotgan g‘oya va tashabbuslaringiz hayotimizning barcha jabhalarida faol tatbiq etilmoqda. Sizlar kecha qatnashgan xalqaro forum esa nihoyatda sermazmun o‘tdi, unda qator muhim takliflar ilgari surildi, juda muhim bo‘lgan ko‘plab kelishuvlarga erishildi.

Fursatdan foydalanib, sizlarga – mamlakatimizning yaqin do‘stlariga Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissangiz uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Barchangizga yaxshi ma’lum, bugungi kunda jahon iqtisodiyotida beqarorlik tobora kuchayib, energetika, oziq-ovqat sohalari va ekologik tizimda inqirozlar o‘tkir tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda sizlar bilan bamaslahat, o‘zaro kengashib, aniq amaliy qadamlar tashlasak, ko‘zlagan yuksak marralarimizga albatta erishamiz.

Men kecha o‘z nutqimda Yangi O‘zbekistonning investitsiya siyosati bo‘yicha erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarga batafsil to‘xtaldim. Bugun esa ko‘proq sizlarni tinglash niyatidaman.

Ayniqsa, hurmatli Reno-Basso xonim, sizning qimmatli fikr-mulohazalaringiz men uchun g‘oyat muhimdir. Anjumanlarimizda bevosita ishtirokingiz va Kengash ishini faol qo‘llab-quvvatlab kelayotganingiz bizni albatta ruhlantiradi hamda ushbu platforma doirasida ochiq, konstruktiv va samarali muloqot olib borishga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda Investitsiyalar va Maxsus erkin zonalar to‘g‘risidagi qonun loyihalarini tayyorlashga hissa qo‘shgan ishchi guruhi faoliyatini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan ushbu muhim hujjatlar mamlakatimizda qulay investitsiya va biznes muhitini takomillashtirishda ulkan qadam bo‘lishiga aminman.

Bundan tashqari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti jamoasi tomonidan boshlanayotgan investitsiya siyosati tahlili biz uchun juda muhimdir. Ushbu loyiha mamlakatimizdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash borasida asosiy yo‘nalishlarni belgilab olishga va samarali mexanizmlarni yaratishga xizmat qiladi.

Biz bu tashkilotning mamlakatimizni doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani va amalga oshirib kelayotgan chuqur tahlillarini yuksak baholaymiz hamda bundan buyon ham u bilan yaqin hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz.

Hukumat hamda investorlar o‘rtasida ochiq va samarali muloqotning yo‘lga qo‘yilgani barqaror iqtisodiy taraqqiyotning asosiy kalitidir.

Albatta, hali oldimizda birgalikda amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan ulkan vazifa va maqsadlar turibdi. Shu sababli bugungi zamon bilan hamnafas qadam tashlab, o‘z oldimizga aniq rejalarni qo‘yishga va sa’y-harakatlarimizni yanada uyg‘unlashtirishga chaqiraman.

Kengashimiz doirasida quyidagi yo‘nalishlarda ishchi guruhlarni tashkil etish va ularni to‘liq amalga oshirishda sizlarni faol ishtirok etishga taklif etaman.

Birinchidan, kapital bozorini rivojlantirish. Bu yo‘nalishda xorijiy investorlarning talablariga to‘la javob beradigan xalqaro moliya markazini rivojlantirish uchun ichki va tashqi kapitalni keng jalb etishga asosiy e’tiborni qaratish lozim.

Ikkinchidan, mas’uliyatli biznes yuritish. Bu borada iqtisodiyot barqarorligi, shaffofligi va ochiqligini ta’minlashga qaratilgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tegishli tamoyillarini keng joriy etish dolzarb vazifadir.

Uchinchidan, muqobil investitsiyalarni rag‘batlantirish. Bunda startap, innovatsion loyihalar, birgalikdagi sarmoyalarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Venchur investitsiyalar to‘g‘risida”gi yangi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish katta ahamiyatga ega.

To‘rtinchidan, investorlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish. Xorijiy investorlar bilan davlat organlari o‘rtasidagi barcha xizmatlarni amalga oshirish uchun mukammal elektron platformani ishlab chiqish va amaliyotga keng joriy etish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Bu investorlarni qiynayotgan kompleks muammolarni o‘z vaqtida va tizimli hal etishga imkon beradi.

Sizlarning boy bilim va tajribangiz, zamonaviy yondashuvlaringiz biz uchun nihoyatda muhimligini yana bir bor ta’kidlamoqchiman. Ishonamanki, O‘zbekiston sizlarning qizg‘in qo‘llab-quvvatlashingiz orqali jadal o‘sish sur’atlarini namoyish etishda davom etadi.

Men barchangizni bugungi muhokamalar va yangi tashabbuslarni ishlab chiqishda faol ishtirok etishga taklif etaman. Sizlar bilan hamjihat bo‘lib, yelkama-yelka turib harakat qilsak, xalqimiz turmush darajasini oshirishga va O‘zbekistonning farovon kelajagini ta’minlashga qodirmiz.

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

Afsuski, tadbir reglamenti va protokol sizlar ilgari surgan barcha takliflar bo‘yicha alohida, batafsil to‘xtalishimizga imkon bermaydi.

O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni va konstruktiv muloqotni kengaytirish borasidagi qat’iy intilish va niyatlaringizni yuksak qadrlayman.

Takror aytaman: mamlakatimizda biznesingizni muvaffaqiyatli yuritish, o‘zingizni erkin va ishonchli his etishingiz uchun sizlarga barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz.

Ishontirib aytmoqchimanki, aytilgan barcha tashabbus va tavsiyalaringizni to‘liq inobatga olamiz.

Fursatdan foydalanib, hurmatli Reno-Basso xonimga islohot va o‘zgarishlarimizni doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, qo‘shma dasturlarni samarali amalga oshirayotgani uchun yana bir bor tashakkur izhor etmoqchiman.

Bugundan boshlab, Kengash faoliyatida butunlay yangi tizim joriy etamiz.

Ushbu zalda o‘tirgan hukumatimiz a’zolari, vazirlarimiz, Prezident Administratsiyasining mas’ul xodimlari sizlar bilan har oy uchrashadi va muloqotlarimizni izchil davom ettiradi.

Kiritilgan har bir taklif, aytilgan har bir loyiha bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi. Ularni shaxsan o‘zim qat’iy nazoratga olaman.

So‘zimning yakunida sizlarga sihat-salomatlik, professional faoliyatingiz va shaxsiy hayotingizda ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolaman.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий