O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitidagi nutqi
Muhtaram Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylari!
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Siz, azizlarni Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda sammitida ko‘rib turganimdan mamnunman. Matonatli turk xalqiga va qadrdon birodarimiz Turkiya Respublikasi Prezidenti, muhtaram Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylariga barcha hamkasblarim nomidan chuqur hamdardlik bildiraman.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyevga bugungi navbatdan tashqari yig‘ilishimizni o‘tkazish haqidagi taklifi uchun alohida minnatdorchilik izhor etaman.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bugungi sammitimiz, hozirgina namoyish etilgan videolavha eng mushkul damlarda biz bir-birimizga mustahkam tayanch va suyanch bo‘lib kelayotganimiz, do‘stlik va birdamligimiz naqadar qudratli kuchga ega ekanining yaqqol amaliy tasdig‘idir.
Do‘stlarimiz diyorida yuz bergan, misli ko‘rilmagan halokatli zilzila barchamizning qalbimizga cheksiz qayg‘u va iztirob soldi. Zero, bu mudhish ofat natijasida bizning jondan aziz ota-onalarimiz, aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz va farzandlarimiz qurbon bo‘ldi va jabrlandi. Bu yo‘qotishning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.
Ta’kidlash joizki, birodar xalqlarimiz ming yillar davomida turli murakkab vaziyat va muammolarni o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va hamjihatlik bilan mardona yengib o‘tganlar.
O‘zbekiston xalqi do‘stlarimiz boshiga tushgan og‘ir kunlarda “Turkiya, biz sen bilan birgamiz!” deya bir tanu bir jon bo‘lib, turk birodarlarimizga yordamga shoshildi.
Biz mudhish fojiada qurbon bo‘lgan o‘n minglab begunoh kishilar xotirasini hech qachon unutmaymiz.
Ijozatingiz bilan, hayotdan bevaqt ko‘z yumgan barcha insonlarning porloq xotirasiga alohida hurmat bajo keltirish maqsadida har yili 6-fevral sanasini Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni deb e’lon qilishni taklif etaman.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Turkiyada bugun muhtaram Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an boshchiligida olib borilayotgan tezkor chora-tadbirlarni, jumladan, aholi uchun yuz minglab yangi uy-joylar qurish va infratuzilmani tiklash bo‘yicha g‘oyat muhim reja va dasturlarni alohida e’tirof etishni istardim.
Zudlik bilan amalga oshirilgan aniq va samarali tadbirlar tufayli ko‘plab odamlarning hayoti va sog‘lig‘i saqlab qolindi, katta miqdordagi mablag‘lar jamlanib, keng ko‘lamli qayta tiklash ishlari boshlandi. Bir so‘z bilan aytganda, hozirgi sinovli davrda qardosh turk xalqi o‘zining beqiyos jasorati va mardligi, metin irodasi va yuksak safarbarlik ruhi bilan Turkiya yetakchisi atrofida jipslashmoqda.
Barchamiz sizlarga madadkor bo‘lib, zilzila oqibatida vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni, ijtimoiy va sanoat obyektlarini tiklash va yangilarini barpo etish ishlariga bor kuchimizni yo‘naltirishga tayyormiz. Jumladan, biz zilzila markazlaridan biri bo‘lgan va qutqaruvchilarimiz ish olib borgan Hatay viloyatining Ovakent hududidagi bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shish niyatidamiz.
Biz barpo etmoqchi bo‘lgan ko‘rkam uy-joylar, zamonaviy maktab va infratuzilma obyektlari kelgusida tom ma’noda yaqin do‘stlik va birdamligimizning yorqin timsoliga aylanishiga aminman.
Bundan tashqari, talafot ko‘rgan hududlardan yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylarning yurtimizda sog‘lig‘ini tiklashi va dam olishlari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk ajdodlarimiz qadamjolarini ziyorat qilishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Bu guruhlarga Tashkilotimiz Oqsoqollar kengashi boshchilik qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Shu bilan birga, biz bu yil yoz mavsumida Hatay yoshlarini ham O‘zbekistonga taklif etmoqchimiz. Ularning mazmunli hordiq chiqarishlari hamda qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga safarlarini, yurtimizdagi o‘z tengdoshlari bilan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish niyatidamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Tashkilotimiz davlatlari joylashgan hududlar o‘z geografik va geologik xususiyatlariga ko‘ra, tabiiy ofat va xavf-xatarlar faol sodir bo‘ladigan makon hisoblanadi.
Ming afsuski, so‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishlari bu kabi vayronkor hodisalar ko‘lami va zararini keskin oshirmoqda. Bu yo‘nalishdagi amaliy hamkorligimizni kengaytirish maqsadida quyidagi aniq takliflarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Favqulodda holatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Tashkilotimizning tizimli hamkorlik platformasini tashkil etish tashabbusini ilgari suraman. Bu platforma doirasida aniq mexanizmlarni joriy etish va muhim choralar ko‘rishni kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa, deb hisoblayman.
Birinchidan, Tashkilotimiz doirasida tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan ko‘p tomonlama bitimni tezroq ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada Turkiya tomoni taqdim etgan fuqarolar muhofazasi bo‘yicha tizim yaratish haqidagi hujjat loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Ikkinchidan, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha vazirliklarimiz o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini keskin faollashtirishimiz lozim. Ularning navbatdagi yig‘ilishida eng ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqish ayni muddao bo‘lar edi.
Asosiy diqqatni texnik xavfsizlik talablariga qat’iy e’tibor qilish va jahonning eng ilg‘or tajribasini sohaga tatbiq etish; aholining doimiy xabardorligini oshirib borish; qutqaruv xizmatlari mutaxassislarining malaka va tajribasini oshirish; qo‘shma o‘quv mashqlarini o‘tkazishga qaratishimiz kerak.
Uchinchidan, bunday kutilmagan va og‘ir sinovli paytlarda ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni bartaraf etishda yaqindan ko‘mak ko‘rsatish mexanizmlarini joriy etish maqsadga muvofiqdir.
So‘z oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish mollarini to‘siqsiz yetkazib berish, sanoatni tiklashga qaratilgan kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish haqida bormoqda. Albatta, bugun rasman ta’sis etilayotgan Turkiy investitsiya fondining ilk moliyaviy resurslarini ham ushbu loyihalarga jalb etish mumkin, deb hisoblaymiz.
Yana bir muhim masala. Ilmiy va texnologik sohalarda erishilgan yutuqlarga qaramasdan, zilzilalar, sel va suv toshqinlari, o‘rmon yong‘inlari, bo‘ronlarni oldindan aniqlash va erta ogohlantirish hamon dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Bu jarayonlarni chuqur o‘rganish, sohaga ilmiy va texnologik yangiliklarni keng joriy etish katta ijobiy samara berishi aniq. Shulardan kelib chiqib, Tashkilotimiz doirasida Tabiiy ofatlar monitoringi va tahlili markazini tuzish hamda uni Toshkentda joylashtirish bo‘yicha tashabbusimizni ma’qullaysiz, deb ishonaman.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotining ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorligini kuchaytirish lozim. Xususan, Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish global jamg‘armasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Tabiiy ofatlarni kamaytirish bo‘yicha xalqaro strategiyasi kotibiyati, Favqulodda vaziyatlarda harakatlanish markaziy jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha Tashkilotimiz kotibiyati alohida shug‘ullansa, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
So‘zimning yakunida yana bir dolzarb masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.Tashkilotimizning qator davlatlari siyosiy voqealar, xususan, muhim saylovlar arafasida turibdi. Ushbu muhim tadbirlar yuqori saviyada va muvaffaqiyatli o‘tishini chin dildan tilab qolaman.
Joriy yilda Turkiya Respublikasi tashkil topganining qutlug‘ 100 yilligi nishonlanadi.
Hech shubhasiz, so‘nggi yigirma yilda qardoshim, muhtaram Rejep Tayyip Erdog‘an rahbarligida Turkiya Jumhuriyatining xalqaro maydondagi obro‘ va nufuzi keskin yuksaldi. Davlatning global iqtisodiyot va siyosatdagi o‘rni va ta’siri izchil ortib bormoqda.
Zamonaviy va qudratli Turkiyaning bugungi barcha yutuqlarida va erishayotgan ulkan marralarida hurmatli Prezidentning mislsiz xizmatlari borligini alohida e’tirof etamiz. Shu bois, barcha qardosh xalqlarimiz nomidan turk eliga murojaat etib, saylovlarda muhtaram Rejep Tayyip Erdog‘an nomzodini to‘liq qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.
Bizning ana shu umumiy istagimiz bugun qabul qilinayotgan Anqara deklaratsiyasida o‘zining ifodasini topishi ayni muddaodir.
Fursatdan foydalanib, sizlarni kirib kelayotgan bahor va yangilanish bayrami – Navro‘zi olam hamda muborak Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etaman.
E’tiboringiz uchun tashakkur.