O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi nutqi
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishi ishtirokchilarini qutlashdan mamnunman.
Hamkasblarimning so‘zlariga qo‘shilgan holda, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga ushbu uchrashuvimizni tashkil etgani uchun minnatdorlik bildiraman.
Hech shubhasiz, Rossiyaning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga samarali raisligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ilgari surishga xizmat qiladi.
Hurmatli hamkasblar!
O‘zbekiston YOII huzuridagi kuzatuvchi davlat sifatida Birlashma doirasida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ko‘p tomonlama tadbir va loyihalardagi faol ishtirokini davom ettirmoqda.
Birinchidan, savdo munosabatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, yangi o‘sish nuqtalari va imkoniyatlarni izlash bo‘yicha birgalikda samarali ishlar olib borildi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning YOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga ko‘paydi. Barqaror o‘sish sur’atlari joriy yilda ham kuzatilmoqda.
Ikkinchidan, biz sanoat kooperatsiyasi sohasida jiddiy yutuqlarga erishdik. Faqatgina keyingi yillarda yurtimizda Birlashma tarkibidagi mamlakatlarning kompaniyalari ishtirokida ustuvor tarmoqlarda yuzlab loyiha va korxonalar ishga tushirildi.
Uchinchidan, ishbilarmonlar o‘rtasidagi muloqotni rag‘batlantirish uchun, jumladan, mamlakatlarimiz hududlarining mavjud salohiyatidan foydalangan holda, samarali platformalar yaratildi.
An’anaviy tus olgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasini bunga misol sifatida keltirmoqchiman. Aprel oyida ushbu ko‘rgazma uchinchi bor Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tkazildi, unda mamlakatlarimizning ikki mingdan ziyod kompaniyalari ishtirok etdi. Ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo‘lgan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.
To‘rtinchidan, biz institutsional mexanizmlarni mustahkamlayapmiz – Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan yaqin va konstruktiv hamkorlikni rivojlantiryapmiz, YEOII organlarining tadbirlarida faol ishtirok etmoqdamiz.
Uch yilga mo‘ljallangan Birgalikdagi ishlar rejasi doirasida qonunchilikni xalqaro normalarga uyg‘unlashtirish, iqtisodiyotni tartibga solish borasida tajriba almashish, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha 200 dan ziyod tadbirlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston savdo tartibotlarini soddalashtirish bo‘yicha hamda transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va turizm sohalaridagi alohida dasturlar va tarmoq loyihalarida ishtirok etishni boshladi.
Yaqin istiqboldagi rejalarimizdan qo‘shma Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishini shu yilning avgust oyida o‘tkazish o‘rin olgan.
Shu bilan birga, joriy vaziyat tahlili yo‘limizda to‘siq bo‘layotgan bir qator omillar va hal qilinmagan masalalar ham borligini ko‘rsatmoqda. Bu o‘rinda kuzatuvchi davlatlarning Birlashma doirasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish mexanizmlari yo‘qligi haqida so‘z bormoqda.
Bundan tashqari, YOII mamlakatlaridagi savdoga, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, energiya resurslari va boshqa xomashyo tovarlarini yetkazib berishga nisbatan cheklovlarni qo‘llash bilan bog‘liq masalalar tartibga solinmagan.
Transport va logistika sohasida amalga oshirish tashabbusi ilgari surilgan, xususan, sifatli va hamyonbop oziq-ovqat mahsulotlarini jadallashtirilgan tartibda o‘zaro yetkazib berish loyihalari kutilgan natijasini hali berayotgani yo‘q.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Global xavf-xatarlar, transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat taqchilligi va energetik xavfsizlik tahdidlari va boshqa muammolar kuchayib borayotgani mamlakatlarimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining birinchi galdagi vazifalarini hal etish uchun yaqin hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda.
Mazkur sammit amaliy hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish va birgalikdagi harakatlarimizni muntazam kelishib borish uchun imkon yaratadi, deb umid qilaman.
Birinchidan. O‘zbekiston mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo aylanmasi hajmini tubdan oshirish uchun savdo tartib-tamoyillarini soddalashtirish va zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga tayyor.
Texnik to‘siqlarni bartaraf etish va muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro e’tirof etish to‘g‘risida bitimning qabul qilinishi bunga imkon beradi, deb hisoblaymiz.
Shu maqsadda O‘zbekistonda YEOII normalarini milliy texnik reglamentlar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi.
Shuningdek, milliy valyutalarda o‘zaro hisob-kitoblarni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirayapmiz.
Ikkinchidan. Bojxona ma’murchiligi, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati, shuningdek, tovarlar kelib chiqishini sertifikatlash bo‘yicha elektron platformalar va onlayn-tizimlarning integratsiyasi, fikrimizcha, iqtisodiy hamkorlikni va ishbilarmonlar muloqotlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bu tashabbusni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun ekspertlar darajasida batafsil maslahatlashuvlarni o‘tkazishga tayyormiz.
Uchinchidan. Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish Yevroosiyo makonida yangi ish o‘rinlarini yaratish va sanoat xablarini shakllantirishning muhim omili, deb hisoblaymiz.
Kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘p tomonlama dasturlarda ishtirok etishdan manfaatdormiz. Bu o‘rinda so‘z qayta sug‘urtalash faoliyati sohasida biznes-hamjamiyat tashabbuslari va milliy taraqqiyot institutlarining amaliy hamkorligi haqida bormoqda.
Biznes darajasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun YEOII Ishbilarmonlar kengashi faoliyatiga qo‘shilish rejalashtirilgan.
To‘rtinchidan. Transport va tranzit sohasida o‘zaro hamkorlik bizning sherikligimizda strategik yo‘nalish hisoblanadi. Hozirgi sharoitda muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarimizni kuchaytirish va barqaror logistika zanjirlarini yaratish muhimdir.
Shimol – Janub xalqaro yo‘laklarini va Xitoyni mintaqamiz, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lovchi boshqa magistrallarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Tarif siyosati masalalarida yaqin muvofiqlashtirish tarafdorimiz.
Shuningdek, O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘li qurilishini amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofisi ishiga qo‘shilishga taklif etamiz.
Beshinchidan. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni kengaytirish muhim deb hisoblaymiz.
Shu nuqtai nazardan, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tovarlari importi o‘rnini davlatlarimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan faol egallashni rag‘batlantirish, “yashil” yo‘laklar, shu jumladan, “Yevroosiyo agroekspressi”ning to‘laqonli faoliyatini ta’minlash, ilmiy-amaliy tadqiqotlarni birgalikda olib borish va innovatsiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatlarimiz agrobiznes vakillari kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish va faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhimdir.
Ushbu maqsadlarda shu yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi vazirlari, yetakchi ishlab chiqaruvchilar va oziq-ovqat mahsulotlari import qiluvchilar ishtirokida “YEOII plyus” formatida Agrar forum o‘tkazishni taklif etamiz.
Oltinchidan. O‘zbekiston yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda yanada keng hamkorlik qilish, oliy o‘quv yurtlari va professional ta’lim markazlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etishdan ham manfaatdordir.
Muhandislik-texnik ixtisosliklar bo‘yicha talab yuqori bo‘lgan kadrlarni birgalikda tayyorlash yuzasidan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
YEOII doirasidagi ko‘p tomonlama sheriklik bo‘yicha dastur va loyihalarda O‘zbekistonning ishtirokini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun hamkasblarimga yana bir bor minnatdorlik bildiraman.
Bugungi yig‘ilish natijalari mamlakatlarimizning barqaror taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, shakl va mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonaman.
E’tiboringiz uchun rahmat.