O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimidagi nutqi

 

Hurmatli Amir A’lo Hazratlari!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Bugun azim Toshkent shahrida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida sizlarni ko‘rib turganimdan behad xursandman.

Yangi O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz, aziz mehmonlar!

Avvalambor, ushbu tantanali tadbirni yurtimizda o‘tkazish bo‘yicha takliflari va yaqindan ko‘rsatgan ko‘maklari uchun mazkur nufuzli mukofot asoschisi, qadrli birodarim Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy A’lo Hazratlariga hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasiga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Fursatdan foydalanib, anjumanda ishtirok etayotgan qatarlik do‘stlarimizni va ular siymosida ushbu mamlakat xalqini kecha keng nishonlangan Mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Ta’kidlash o‘rinliki, Amir A’lo Hazratlarining oqilona rahbarligi ostida so‘nggi yillarda Qatar Davlati yangilanish ruhi bilan yashamoqda, mamlakatda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayapti, olamshumul va buyuk yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Bunga betakror Dohaga tashrifim chog‘ida o‘zim shaxsan amin bo‘ldim.

Yuksak saviyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionati, Kam rivojlangan davlatlar bo‘yicha xalqaro konferensiya va “Ekspo Doha– 2023” butunjahon ko‘rgazmasi, ko‘plab xalqaro tashabbuslar Qatarning global hamkorlik va diplomatiya markaziga aylanib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shu o‘rinda, davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar bizning faol muloqotlarimiz natijasida mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. Biz birgalikda katta loyihalarni boshladik. Bugungi tadbir aynan yurtimizda o‘tkazilayotgani esa maqsadlarimiz uyg‘un va hamohang ekanining yorqin ramziy ifodasidir.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Albatta, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida global mukofotning ta’sis etilgani va uni topshirishga bag‘ishlangan marosimlar barcha qit’alarda o‘tkazib kelinayotgani yuksak e’tirofga sazovordir.

Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir.

Ushbu nufuzli mukofot orqali korrupsiyaga qarshi kurashishga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan jahondagi eng faol shaxslarning e’tirof etilishi bundan roppa-rosa 20 yil avval qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi talablarini hayotga izchil va to‘liq tatbiq etishga xizmat qiladi.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Bashariyat tarixiga nazar solsak, korrupsiya illati hatto eng qudratli va eng kuchli davlatlarni ham jar yoqasiga olib kelganiga va to‘liq parokanda qilganiga guvoh bo‘lamiz.

Korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga to‘sqinlik qiladigan xatarli tahdiddir va u barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi rejalarimizga ham jiddiy putur yetkazadi.

Tahlillarga ko‘ra, hozirda korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari 3 trillion AQSH dollariga yaqin miqdorni tashkil qilmoqda. Ammo, men bu katta raqamlar haqiqiy holatni va korrupsiya natijasida ko‘rilayotgan real zararning aniq hajmini to‘liq ifoda eta olmaydi, deb hisoblayman. Eng yomoni – jamiyat ko‘radigan ma’naviy zarar ko‘lamini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Mazkur o‘tkir muammoning oqibatlarini chuqur anglagan holda, biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqdamiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy va institutsional islohotlarni tizimli amalga oshirmoqdamiz. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilib, maxsus vakolatli Agentlikni tashkil etdik. Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash va mas’uliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni amaliyotga keng joriy etayapmiz. Xususan, barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirildi.

O‘zbekiston 2021-yilda Xalqaro Ochiq ma’lumotlar xartiyasiga a’zo bo‘ldi. Mamlakatimiz Istanbul harakatlar dasturi, Global operativ tarmoq, Yevroosiyo va Egmont guruhlari, boshqa ko‘plab platformalarda samarali ishtirok etib kelmoqda. G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish tarmog‘ining Kotibiyati vazifasini bajarmoqda.

Har yili Toshkentda an’anaviy Xalqaro aksilkorrupsiya forumi o‘tkazib kelinmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz “Transparency International” indeksida 42 pog‘onaga ko‘tarildi va bu borada mintaqamizda eng yuqori o‘rinni egallamoqda. 2030-yilga qadar mazkur reytingdagi o‘rnimizni yana 50 pog‘onaga yaxshilash maqsadini ko‘zlaganmiz. “Open Data Inventory” reytingida esa joriy yilda 30-o‘ringa ko‘tarildik. Ochiq ma’lumotlar manbalari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 4-o‘rindan joy olgan.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olgan Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham katta reja va vazifalarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.

Bu mas’uliyatli va murosasiz kurash yo‘lida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi va barcha xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda bor kuchimizni safarbar etishga tayyormiz.

Birinchidan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyani ishlab chiqib, hayotga tatbiq etamiz. Davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini ta’minlash va hisobdorligini oshirish, ochiq ma’lumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urg‘u beramiz.

Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus va yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlaymiz va ularda faol qatnashamiz. Bu borada o‘tgan oyda Toshkentda ishga tushgan Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasining Mintaqaviy platformasidan keng foydalanmoqchimiz.

Shu bilan birga, nodavlat notijorat tashkilotlarini faol jalb etgan holda, o‘zaro tajriba almashish va muloqotlarni kuchaytirish, ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida Korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etishni taklif etaman.

Uchinchidan, biz Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xorijiy turdosh muassasalar bilan yaqin hamkorligini kuchaytirish orqali uning salohiyat va imkoniyatlarini yanada oshiramiz. Eng ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan yangi mexanizmlar tatbiq qilinadi, jumladan, korrupsiya holatlari bo‘yicha “dastlabki o‘rganish” – korrupsion surishtiruv instituti joriy etiladi.

To‘rtinchidan, ongi va qalbi bolalikdan “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazish ustuvor vazifamizdir. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi dasturini O‘zbekistonda keng joriy etishdan manfaatdormiz.

Beshinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishdek murakkab jarayonlarda eng oldingi saflarda borayotgan ommaviy axborot vositalarining o‘rnini alohida qadrlaymiz.

Shu ma’noda, bizning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jurnalistlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish va ular ta’sirini yanada oshirish uchun Global media forumni o‘tkazish taklifimizni sizlar qo‘llab-quvvatlaysiz, deb ishonamiz.

Hurmatli do‘stlar!

Mazkur xalqaro mukofot bilan taqdirlangan barcha shaxslar ilk bor bir joyga jamlangani va ular ishtirokida tashkil etilayotgan G‘oliblar uchrashuvi ham katta ahamiyatga molik voqelikdir.

O‘z taraqqiyot yutuqlarini va foydali sarmoyalarini dunyo xalqlari bilan baham ko‘rayotgan, korrupsiyaga qarshi kurashda g‘ayrat va shijoat ko‘rsatayotgan Qatar Amirining global darajadagi sa’y-harakatlari barchamizning ezgu intilishlarimiz bilan birlashib, albatta o‘zining ulkan ijobiy natijalarini beradi.

Ushbu mavzuga bag‘ishlab o‘rnatilgan monumentdagi korrupsiyani to‘xtatish uchun ko‘tarilgan ochiq qo‘llar kabi bugungi anjumanda ishtirok etayotgan, adolat yo‘lidagi qat’iyatli va tolmas qahramonlarimiz qo‘llarini pok qalb va vijdon amrimiz bilan mahkam tutamiz. Olib borayotgan sharafli ishlaringizda sizlar bilan doimo birgamiz.

Fursatdan foydalanib, nufuzli mukofotning barcha sovrindorlarini chin qalbimdan qizg‘in tabriklayman.

Anjumanimizda qatnashayotgan xorijiy mehmonlarimizga yana bir bor chuqur tashakkur izhor etaman.

Barchangizga mas’uliyatli faoliyatingizda kuch-g‘ayrat, yangi muvaffaqiyatlar, baxt va omadlar yor bo‘lishini tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий