O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi bitim ro‘yxatga olinish uchun BMT Kotibiyatiga taqdim etildi
Nyu-York, 2024 yil 25 sentabr - BMT Bosh Assambleyasi 79-sessiyasining "yuqori darajadagi haftaligi" doirasida tashkilot Ustavining 102-moddasiga muvofiq BMT Kotibiyatida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish va e’lon qilish uchun zarur hujjatlar topshirildi.
Bitim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tomonidan 2022 yil 22 dekabr kuni Qozog‘iston rahbarining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan va 2023 yil 4 iyul kuni kuchga kirgan. Ushbu hujjat O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini xalqaro huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘p yillik hamkorlikdagi ishlarning natijasidir.
Joriy yilning 25 sentyabr kuni Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomaning BMT Kotibiyatida ro‘yxatdan o‘tkazilgani Markaziy Osiyo davlatlari uchun misli ko‘rilmagan tajriba ekanini ta’kidladilar.
Hujjatning tarixiy ahamiyati e’tirof etilib, ushbu voqea ikki mamlakatning yaxshi qo‘shnichilik va abadiy do‘stlik tamoyillariga sodiqligini, ittifoqchilik munosabatlari ruhini, umumiy farovonlik manfaati uchun o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini yana bir bor tasdiqlashi qayd etildi, shuningdek, bu hujjat Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga urg‘u berildi.