O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari, qator vazirlik va viloyatlari rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

Davlatimiz rahbari yana bir bor samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Prezident Sadir Japarov rahbarligida Qirg‘izistonda amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar O‘zbekistonni quvontirayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oliy darajadagi muloqotlar tizimli va faol tus olgani hamkorlikni salmoqli darajada mustahkamlash, yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash va amaliy sheriklikni kengaytirishga xizmat qildi.

Tomonlar o‘zaro strategik sheriklikni chuqurlashtirish borasida birgalikda ishlashga qat’iy intilishini bildirdilar. Mamlakatlarimiz o‘rtasida tuzilgan Chegara to‘g‘risidagi shartnoma qardosh xalqlarimiz tomonidan ko‘tarinki ruh bilan qabul qilingani ta’kidlandi.

Muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yil yakuni bilan o‘zaro tovar ayirboshlash 1,3 milliard dollarga yetgani, 300 dan ziyod qo‘shma korxona tashkil etilgani ta’kidlandi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot fondi aniq loyihalarni moliyalashtirishni boshladi.

Kuni kecha o‘tgan biznes-forum doirasida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik salmoqli shartnomalar to‘plami imzolandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi. Bu, birinchi navbatda, o‘zaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirishdir.

Shu maqsadda tomonlar uchinchi mamlakatlardan import o‘rnini o‘z ishlab chiqaruvchilarimizning arzon mahsulotlari bilan to‘ldirish, shuningdek, ikki mamlakat poytaxtlarida savdo markazlarini tashkil etish masalalarini o‘rganishga kelishib oldilar.

Sanoat kooperatsiyasi doirasida qariyb 500 million dollarlik yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish taklif qilindi. Avtomobillar, zamonaviy maishiy texnika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, foydali qazilmalarni birgalikda qazib olish va qayta ishlash shular jumlasidan.

Mamlakatimiz yetakchisi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doirasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida qayd etdi.

Intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, kartoshka, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini yetkazib berish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va boshqa qo‘shma loyihalarni ishga tushirishga qaratilgan agrokooperatsiya dasturini amalga oshirish shu maqsadlarga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi sheriklik va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlik strategik ahamiyatga ega ekani qayd etildi. “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha ishlarni faollashtirish, “Andijon-O‘sh-Irkishtom” avtomobil yo‘lining salohiyatini to‘liq ishga solish, shu maqsadda qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Muzokaralarda energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Gidroenergetikadagi loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan Qambarota GES-1 qurilishi borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi. Tarixi va dini, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan qator aniq tashabbuslar ilgari surildi.

Xususan, ulug‘ qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning 95 yilligini keng nishonlash, O‘shda Bobur nomidagi O‘zbek musiqali drama teatrining ochilishida birgalikda spektakl namoyish etish, ziyolilar va yoshlarni faol jalb qilgan holda yangi format – Avlodlar muloqotini tashkil etish, talabalar spartakiadasi, qo‘shma festival va konsertlar, ijodiy tadbirlarini o‘tkazish taklif qilindi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий