O‘zbekiston Prezidenti Vengriya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini qayd etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 7-may kuni qo‘shma Hukumatlararo komissiya tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyartoni qabul qildi.
Peter Siyyarto davlatimiz rahbariga Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda uchinchi Toshkent investitsiya forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Vengriya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki mamlakat strategik sherikligi izchil mustahkamlanib, amaliy aloqalar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga ko‘paydi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni oshmoqda.
Sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, logistika, ko‘chmas mulk obyektlarini qurish va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi. Toshkent viloyatida Vengriya va Yevropa kompaniyalarining loyihalari uchun maxsus iqtisodiy zonani tez fursatda ishga tushirish muhimligi ta’kidlandi.
Gumanitar almashinuv ham kengaymoqda. Talabalarimiz Vengriyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkilotidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.