O‘zbekiston Prezidenti va Qatar Amiri ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldilar

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy uchrashuv o‘tkazdilar.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Amir hamda do‘st Qatar xalqini milliy bayrami – Mustaqillik kuni bilan samimiy qutladi.

Qatar Amiri, o‘z navbatida, Korrupsiya qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro mukofotni topshirish marosimi Toshkent shahrida yuksak saviyada tashkil etilgani hamda ko‘rsatilayotgan iliq mehmondo‘stlik uchun mamlakatimiz yetakchisiga minnatdorlik bildirdi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Barcha darajalarda faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yilda Toshkent va Doha shaharlarida ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari ochildi. O‘zaro savdo hajmi oshmoqda, Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik loyihalar boshlandi.

Uchrashuvda yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini, shu jumladan “yashil” energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani rivojlantirish, bank-moliya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm sohalarida ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Transport va logistika borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘llari ko‘rib chiqildi. Xususan, Qatar tomoni Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

2024-yilda Doha shahrida qo‘shma Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlik kengashining birinchi yig‘ilishlarini, ikki mamlakat biznes forumini tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Tomonlar kelgusi yilda madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish masalalarini ham muhokama qildilar.

Erishilgan kelishuvlar o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston va Qatar yetakchilari ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida Muvofiqlashtirish kengashini tuzish lozimligini ta’kidladilar.

Davlatimiz rahbarining O‘zbekistonda BMT shafeligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Shu bilan Amir shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy mamlakatimizga amaliy tashrifini yakunlab, Qatarga jo‘nab ketdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий