O‘zbekiston Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri muzokaralarning samarali natijalaridan mamnunligini bildirdilar

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdilar.

Yetakchilar ochiq, ishonchli va do‘stona muhitda o‘tgan sammitning samarali natijalarini yuqori baholadilar.

Davlatimiz rahbari ikki xalq o‘rtasidagi umumiy din, mushtarak urf-odat va qadriyatlarga asoslangan azaldan yaqin aloqalarni alohida ta’kidladi.

– Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyoda, balki butun jahonda jadal taraqqiy etib borayotgan davlat, bizning vaqt sinovlaridan o‘tgan ishonchli hamkorimizdir. Har ikki mamlakatda milliy mustaqillik bayrami bir sanada – 31 avgust kuni nishonlanishi ham ramziy ma’noga ega, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Rivojlanish va modernizatsiyaga qaratilgan «O‘zbekiston – 2030» va «Malayziya Madani» strategik dasturlarining maqsad va vazifalari o‘xshash ekani ta’kidlandi.

Malayziya Bosh vazirining bugungi tarixiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochishi va ularning rivojlanishiga kuchli sur’at bag‘ishlashi qayd etildi.

Muzokaralar chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va yangi marralar belgilab olindi.

Oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot va aloqalarni faollashtirish, qo‘shma Hukumatlararo komissiyani ishga tushirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Yaqin kelajakda ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli hamkorlik darajasiga olib chiqishga o‘zaro intilish bildirildi.

Yetakchilar tovar ayirboshlash hajmini va qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Tomonlar bu ko‘rsatkichlarni yaqin kelajakda bir necha barobarga oshirish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

Davlatimiz rahbari bu maqsadga erishishda tovarlar nomenklaturasini kengaytirish va o‘zaro savdoning muvozanatliligini ta’minlash, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, yuqori texnologiyali loyihalarni ilgari surish uchun maxsus sanoat zonasini yaratish lozimligini ta’kidladi.

Energetika, neft-kimyo, tog‘-kon, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, moliya, IT va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya bo‘yicha aniq rejalar belgilandi.

Ertaga Samarqand shahrida ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan biznes forumining natijalari, imzolanadigan salmoqli investitsiya bitimlari hamkorlikka yangi mazmun bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.

Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida yaqin muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qat’iy intilish tasdiqlandi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga, jumladan, madaniyat haftaliklari, yoshlar, ta’lim va sport forumlari, turli ko‘rgazmalarni o‘tkazishga qaratilgan choralar qabul qilinadi.

Sammitning natijalari O‘zbekiston-Malayziya munosabatlarini mustahkamlashga, ko‘p qirrali hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilishi qayd etildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha barcha erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий