O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi bilan telefon orqali muloqot qildi
7-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga o‘zining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini bildirdi.
O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 20-21-oktabr kunlari Turkmanistonga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi davomidagi oliy darajali uchrashuv va tadbirlarning samarali natijalari yuksak baholandi.
Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni, shu jumladan faol parlamentlararo muloqotlar va almashinuvlarni davom ettirish orqali amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Shu hafta oxirida Samarqandda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining kun tartibidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.