O‘zbekiston Prezidenti Turkiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi
6-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari bugun Turkiyaning janubi-sharqiy viloyatlarida ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va katta talafotlar ko‘rilgani munosabati bilqn chuqur hamdardlik izhor etdi. Birodar Turkiya xalqiga, vafot etganlar va jabrlanganlarning oilalari va yaqinlariga dalda so‘zlari bildirildi.
Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 7-fevral kuni O‘zbekistondan Turkiyaga gumanitar yordam va qutqaruvchilar guruhi jo‘natilishi rejalashtirilgan.
Ikki tomonlama kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.