O‘zbekiston Prezidenti rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 yanvar kuni Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi raisligida onlayn shaklda o‘tkazilgan “Global Janub ovozi” sammiti yalpi majlisida nutq so‘zladi.
Hindistonning “Katta yigirmatalik”ka (G20) raisligi doirasida tashkil etilgan tadbirda Vetnam Respublikasi Prezidenti Nguyen Suan Fuk, Gayana Respublikasi Prezidenti Muhammad Irfon Ali, Mozambik Respublikasi Prezidenti Filipe Nyusi, Senegal Respublikasi Prezidenti Maki Sall, Bangladesh Xalq Respublikasi Bosh vaziri Shayx Xasina, Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Tailand Qirolligi Bosh vaziri Prayut Chan Ocha, Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Sen va Papua - Yangi Gvineya Mustaqil Davlati Bosh vaziri Jeyms Marape qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, inson manfaatlariga yo‘naltirilgan barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilindi, rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surish va dolzarb muammolarini hal qilish maqsadida, shu jumladan iqtisodiyot, ekologiya, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish, innovatsiyalar, turizm va boshqa yo‘nalishlardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr va aniq takliflar almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugungi xalqaro vaziyatda kuzatilayotgan dolzarb tendensiyalarga baho berib, rivojlanayotgan mamlakatlar oldida turgan asosiy ustuvor vazifalar borasida fikr bildirdi.
- bugungi kunda jahon hamjamiyati turli qarama-qarshilik va ziddiyatlarning keskinlashuvi, iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlariga duch kelmoqda. Biz xalqaro munosabatlarda ochiq muloqot va o‘zaro ishonchning tobora kamayib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz, - dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston yetakchisi qayd etganidek, koronavirus pandemiyasi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi masalalari hamda ekologik muammolar global taraqqiyotning istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Hindistonning rivojlanayotgan mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va samarali aloqalarni mustahkamlashdagi faol o‘rni va roli alohida ta’kidlandi.
Shu ma’noda, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani va xalqlarimizning umumiy manfaatlariga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Prezidentimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarning markazida inson manfaatlarini ta’minlash eng ustuvor maqsad va vazifa etib belgilanganini alohida ta’kidladi.
- Taraqqiyot strategiyamizning asosiy mazmuni – qonun ustuvorligi va inson kapitalini rivojlantirish, adolatli va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdan iboratdir. Biz o‘z oldimizga yaqin kelajakda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, mamlakatda kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish kabi katta rejani qo‘yganmiz, - dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston Prezidenti Hindistonning G20ga raisligini qo‘llab-quvvatlab, kun tartibidagi masalalar yuzasidan qator amaliy takliflarni ilgari surdi.
Eng avvalo, bugungi kunda mavjud xalqaro savdo tizimini “Global Janub ovozi”ni e’tiborga olgan holda takomillashtirish taklif qilindi.
Asosiy bozorlarga chiqishda hamon turli to‘siq va cheklovlarga duch kelayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilishi lozim.
Rivojlanayotgan davlatlarning energetika va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, global logistika va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, investitsiya va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda ko‘maklashish masalalari jahon sammiti kun tartibidan o‘rin olishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Yana bir strategik masala – “Shimol-Janub” xalqaro yo‘lagi doirasida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirishga qaratilgan, Afg‘oniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yo‘lni qurish loyihasini faol ilgari surish. O‘zbekiston yetakchisi hamkorlarni ushbu muhim loyihada ishtirok etishga chaqirdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish sharoitida taraqqiy etgan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi katta texnologik farq o‘sib bormoqda. Shu munosabat bilan jahonning yetakchi davlatlari ko‘magida “Global Janub” uchun “yashil” texnologiya va innovatsiyalar axborot bankini yaratish taklif qilindi.
Navbatdagi dolzarb masala inson kapitalini rivojlantirish va professional ta’lim sifatini oshirish ekani ko‘rsatib o‘tildi.
- Iqtidorli yoshlarimizni iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, muqobil energetika, raqamlashtirish va boshqa ustuvor sohalardagi milliy va xalqaro dasturlarni ishlab chiqishga keng jalb etishimiz kerak, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Shundan kelib chiqib, “Janub yoshlari ovozi” doimiy muloqot platformasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Global miqyosda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbari O‘zbekiston ilgari surayotgan Afg‘oniston muammosini hal etish bo‘yicha xalqaro muloqot guruhini shakllantirish taklifini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Onlayn-sammitda bildirilgan taklif va tashabbuslar rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surishga, inson manfaatiga yo‘naltirilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
So‘zining yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti do‘st Hindiston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Respublika kuni bilan samimiy tabrikladi.