O‘zbekiston Prezidenti OIIB prezidenti Szin Litsyun bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifining ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bosh qarorgohiga tashrif buyurib, bank prezidenti Szin Litsyun bilan muzokara o‘tkazdi.
Ushbu yetakchi xalqaro moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda bank bilan hamkorlik misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarildi. Qo‘shma loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshdi. 2023-yilning o‘zida jalb qilingan investitsiyalar hajmi 1 milliard dollarga yetdi.
Energetika, suv ta’minoti, avtomobil va temir yo‘llarni rekonstruksiya qilish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari strategik xomashyoni chuqur qayta ishlash loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni amalga oshirish muhimligini qayd etdi.
Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlar doirasida ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 2026-yilgacha mo‘ljallangan qo‘shma Hamkorlik dasturi qabul qilindi.
Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik muhim infratuzilmaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bank boshqaruvchilari kengashining joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lajak yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.