O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni bilan taqdirlandi

 

Navbatdagi Maslahat uchrashuvi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mintaqa davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik, qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo yetakchilariga minnatdorlik bildirib, ushbu yuksak mukofot mamlakatlarimizning mintaqaviy hamkorlik va strategik sheriklikni mustahkamlashdagi umumiy yutuqlarining e’tirofi ekanini ta’kidladi.

- Siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli bugun Markaziy Osiyo qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida.

Muvofiqlashtirilgan faoliyat natijasida tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi bir necha barobar ko‘paydi, keng ko‘lamli hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda, chegaraoldi savdo hududlari, qo‘shilgan qiymat zanjirlari, zamonaviy transport va energetika infratuzilmasi barpo etilmoqda.

Birdamlik va mintaqaviy o‘ziga xoslik tuyg‘usi tobora mustahkamlanib bormoqda. Eng muhimi, ushbu ijobiy o‘zgarishlarni mintaqa mamlakatlari fuqarolari o‘z kundalik hayotida his qilmoqda.

Xalqaro subyektlikning mustahkamlanishi va mintaqaning yuqori jozibadorligi tufayli Markaziy Osiyo iqtisodiy faollik markaziga, Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari muhim tashabbus va qarorlarning tizimli ravishda amalga oshirilishi natijasida mintaqa mamlakatlarining yaqinlashuv jarayoni barqaror, izchil va ortga qaytmas tus olganini alohida ta’kidladi.

Yakunda Shavkat Mirziyoyev yetakchilarga yuksak mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, Markaziy Osiyoni tinch va farovon hududga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий