O‘zbekiston mebel mahsulotlari Dubayda namoyish etilmoqda
2022-yilning 24-may kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Xalqaro savdo markazida “Mebel, ishlab chiqarish texnologiyalari, interyer va dizayn – “INDEX-2022” ko‘rgazmasi ish boshladi.
Mazkur tadbirda e’tibor qozonadigan va qurilish jamiyatida o‘zini namoyon etadigan xorijiy mebel jihozlari, interer uskunalari, zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqaruvchilarning eng sara yutuqlari va tajribalari namoyish etish uchun dunyoning 50ga yaqin mamlakati, jumladan, O‘zbekiston, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha, Turkiya, Pokiston, Xitoy, Hindiston, Bangladesh, Tunis, BAA, Saudiya Arabistoni, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Gretsiya, Misr, Indoneziya, Malayziya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Filippin, Tailand, Meksika va boshqa bir qator mamlakatlarning kompaniyalari o‘z mahsulot va xizmatlarini taklif etishmoqda.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonning BAAdagi Elchixonasi hamda mamlakatimizning Dubaydagi Bosh konsulxonasi ko‘magida respublikamizning “Treet”, “Aiko”, “Ixlos mebel”, “Meyos”, “Mix Info”, “Afat”, “Honor” va “Isom Sayf” interer dizaynerlari tomonidan mebel buyumlari bilan ajralib turuvchi “Made in Uzbekistan” stendi tashkil etildi.
O‘zbek diplomatlari tomonidan ikki tomonlama manfaatdor hamkorlikni o‘rnatish maqsadida yurtimizdan kelgan tadbirkorlar uchun mebel, ishlab chiqarish texnologiyalari, interer va dizayn sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi kompaniyalarning rahbarlari, importchilar va distribyutorlar bilan uchrashuvlar tashkillashtirilib, ularga mamlakatimizdagi mahsulotlarining keng turlari bilan tanishish, istiqboldagi hamkorlar topish imkoni taqdim etib kelinmoqda.