O‘zbekiston-Latviya siyosiy maslahatlashuvlari to‘g‘risida
Riga shahrida O‘zbekiston va Latviya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyalarga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov va Latviya Davlat kotibi o‘rinbosari, Tashqi ishlar vazirligi siyosiy direktori Anjey Vilumsons boshchilik qildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Latviya kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi, siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, siyosiy muloqotni faollashtirish va ilmiy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi bildirildi.
Hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish, shuningdek, bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.
***
Ushbu mamlakatga tashrif mobaynida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov, shuningdek, Latviya Bosh vazirining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Gunta Pastore, Iqtisodiyot vazirligi parlamentar davlat kotibi Andris Chuda, Transport vazirligi parlamentar kotibi, Hukumatlararo komissiyaning Latviya tomonidan hamraisi Kaspars Gerxards bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokarlar chog‘ida savdo, sarmoya, axborot-kommunikatsiya va yashil texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik salohiyatidan foydalanishning dolzarb masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Iqtisodiy diplomatiyani, jumladan, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ikki mamlakat tadbirkorlik subʼyektlari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash orqali yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.