Oʻzbekiston Elchisi Avstraliya general-gubernatoriga ishonch yorliqlarini topshirdi

 

Oʻzbekiston Elchisi Qahramon Shakirov bugun Avstraliya general-gubernatori Devid Xerliga oʻrindoshlik asosida mazkur mamlakatdagi Favqulodda va Muxtor Elchi sifatida ishonch yorliqlarini topshirdi.

Avstraliya TIVda qayd etilganidek, general-gubernator qarorgohida ishonch yorliqlarini topshirish marosimi mamlakatda COVID-19 karantin cheklovlari olib tashlanganidan beri ilk bor oʻtkazilayotgan tadbirdir.

Uchrashuv avvalida elchi Avstraliya general-gubernatoriga mamlakatimizda siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

General-gubernator soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror oʻsishi, 2019-yilda sayyohlar soni 3 barobar ortgani, respublikada toʻqimachilik, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan jadal islohotlarni yuksak baholadi.

Devid Xerli Oʻzbekistonda taʼlim tizimida soʻnggi yillarda mamlakatga 25 ga yaqin xorijiy universitetlarni jalb etish imkonini bergan keng qamrovli islohotlarni qayd etib, Avstraliyaning bir qator yetakchi taʼlim muassasalari bilan ikki tomonlama hamkorlik qilish uchun yaxshi istiqbollar mavjudligini ham maʼlum qildi. 

Qishloq xoʻjaligi sohasida yerlarni sugʻorish va melioratsiya qilish tizimi, chorvachilikni rivojlantirishning zamonaviy usullari boʻyicha Avstraliya tajribasini oʻtkazish yuzasidan oʻzaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlari ham taʼkidlandi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Avstraliya hamkorligining boshqa istiqbolli yoʻnalishlari yuzasidan ham fikr almashildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий