Oʻzbekiston delegatsiyasining iqlim boʻyicha barqaror Pokiston mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi ishtiroki toʻgʻrisida

 

2023-yil 9-10-yanvar kunlari Jeneva shahrida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya iqlim boʻyicha barqaror Pokiston mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

BMT shafeligida oʻtgan xalqaro anjumanda ushbu tuzilma Bosh kotibi A.Guterrish, Pokiston Bosh vaziri Sh.Sharif, BAA atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri M.Mheiriy, Qatar tashqi ishlar boʻyicha Davlat vaziri Sulton bin Saad Al-Mureyhiy, Shveysariya Federal tashqi ishlar departamenti rahbari I.Kassis, shuningdek, Gretsiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya delegatsiyalari, xalqaro va mintaqaviy moliya-bank institutlari hamda nodavlat tashkilotlari vakillari qatnashdi.

Gibrid shaklida oʻtgan tadbir ochilishida Yevropa komissiyasi prezidenti U.fon der Lyayen, Fransiya prezidenti E.Makron, Turkiya prezidenti R.Erdogʻan, Norvegiya Bosh vaziri J.Styore soʻzga chiqdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari B.Saidov oʻz nutqida tabiiy ofatlardan jabr koʻrgan aholini qoʻllab-quvvatlash, talafotlar koʻrgan infratuzilmani va qishloq xoʻjaligini tiklash masalalariga jahon hamjamiyatining ustuvor vazifalari sifatida eʼtibor qaratdi.

Forum ishtirokchilariga respublikamizda amalga oshirilayotgan ekologik dasturlar, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yashil makon” keng koʻlamli tashabbusi toʻgʻrisida maʼlumot taqdim qilindi. Orol dengizining qurishi muammosiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Mamlakatimizda ekologik ofat oqibatlarini yumshatish, Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar xususida maʼlumot berildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston TIV rahbari tashrif davomida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish,  Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Bilaval Bxutto-Zardoriy, Qatar tashqi ishlar boʻyicha davlat vaziri Sulton bin Saad Al-Mureyhiy, Birlashgan Arab Amirliklari atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Maryam Mheiriy, Islom taraqqiyot banki Prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий