O‘zbekiston delegatsiyasining IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi 51-sessiyasida ishtiroki yuzasidan
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Istanbul shahrida IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasida ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish, ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida almashinuvni kuchaytirish bo‘yicha aniq takliflarni ilgari surdi. Tomonlar mavjud salohiyatdan to‘liq va samarali foydalanish, yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirish hamda xalqlarning farovonligi yo‘lida yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tashrif davomida islom dunyosidagi qator hamkor davlatlar bilan mazmunli uchrashuvlar o‘tkazilib, umumiy manfaatlar doirasida muloqot olib borildi.
Xususan, Iordaniya Bosh vazir oʻrinbosari, tashqi ishlar va ekspatriatlar masalalari bo‘yicha vaziri Ayman Safadi, Iroq Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Fuad Husayn, Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy, Mozambik Respublikasining adliya, konstitutsiyaviy va diniy masalalar bo‘yicha vaziri Metyu Sayz, Suriya tashqi ishlar vaziri Asaad Hassan Al-Shaibani, Bangladesh tashqi ishlar maslahatchisi Touhid Husayn bilan samarali uchrashuvlarda sohabay yaqin hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Pokiston Respublikasi Senatori, Bosh vazir o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Muhammad Is'hoq Dar bilan uchrashuvda birgalikda amalga oshirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi va ikki tomonlama munosabatlarga yangi dinamikani olib kirishga alohida eʼtibor berildi. Strategik qarorlarni amaliy natijalarga aylantirishga muhim mexanizm bo‘lib xizmat qiladigan, tomonlar o‘rtasidagi tashabbus va loyihalarni izchil ilgari surishga zamin bo‘ladigan O‘zbekiston va Pokiston hukumatlari o‘rtasida Amaliy harakatlar rejasi imzolandi.