O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyga tashrif buyurdi

 2023-yil 26-27-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya “Markaziy Osiyo – Xitoy” tashqi ishlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvida ishtirok etish hamda XXR hukumati yuqori martabali vakillari va ishbilarmon doiralar bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Sian (Xitoy Xalq Respublikasi) shahriga tashrif buyurdi. 

“Markaziy Osiyo – Xitoy” vazirlar uchrashuvi davomida mintaqamiz mamlakatlari bilan Xitoy o‘rtasida siyosat va diplomatiya, o‘zaro bog‘liqlik, savdo, transport, yashil energiya, madaniyat va san’at sohalarida hamkorlikni faollashtirishning yangi imkoniyatlari yuzasidan mazmunli fikr almashildi. Joriy yilning may oyida “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklida o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammitning tashkiliy va mazmuniy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar Afg‘onistondagi vaziyat va mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Sin Gan bilan muzokaralar o‘tkazdi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi, O‘zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlash istiqbollari, xalqaro va mintaqaviy kun tartibi muhokama qilindi.

Xitoy Kommunistik partiyasi Shensi provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Chjao Yide bilan uchrashuvda O‘zbekiston-Xitoy mintaqalararo hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Sian shahriga tashrifi davomida Xitoyning "BYD" va "LONGi" yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi va mamlakatimizda qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari Sian shahridagi “China Railway Express” xalqaro Xitoy-Yevropa markazi faoliyati bilan ham tanishib, Markaziy Osiyoga BYD avtomobillari ortilgan maxsus poyezdning jo‘natish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий