O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyoda hamkorlik muloqoti tashqi ishlar vazirlari kengashining 19-majlisida ishtirok etdi

 

2024-yilning 24-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev boshchiligidagi delegatsiya Osiyoda hamkorlik muloqoti (OHM) tashqi ishlar vazirlari kengashining 19-yig‘ilishida ishtirok etdi. Tadbir Tehron shahrida Eron tomoni raisligida boʻlib oʻtdi.

Shuningdek, tadbirda 31 ta davlat tashqi ishlar vazirliklari delegatsiyalari va 8 ta mintsqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Delegatsiyalar rahbarlari Muloqot doirasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, xususan, savdo-iqtisodiy, oziq-ovqat, energetika va boshqa sohalarda o‘zaro aloqalarni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqish masalalarini muhokama qildilar. Mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar, xususan, Yaqin Sharqdagi hozirgi vaziyat ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida hozirgi og‘ir global vaziyatda tahdid va yangi xavf-xatarlarga qarshi kurashish hamda munosabatlarni mustahkamlashda OHMning o‘rni muhimligini ta’kidladi.

Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizning qator dolzarb global va mintaqaviy masalalar, jumladan, Falastin-Isroil muammosini hal etish borasidagi pozitsiyasi haqida ma’lumot berildi.

Siyosiy-diplomatik muloqotni chuqurlashtirishga e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taklif etilgan ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishni maqsad qilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ning ahamiyati ta’kidlandi. 

Transport yoʻlaklarini yaratish orqali mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, oziq-ovqat taqchilligi muammolarini hal etish, energiya xavfsizligini taʼminlash, mintaqaviy ekologik loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va yashil texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik va sayyohlik almashinuvini faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Kuvayt vakili Nosir Raden Taamer Al-Motayriyni Muloqot bosh kotibi, Eron vakili Muhammad Tagi Husaynni esa uning o‘rinbosari etib tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ishtirokchilar “Yangilangan Osiyoda hamkorlik muloqoti orqali Osiyo hamjamiyati sari” deb nomlangan Tehron deklaratsiyasini ma’qulladilar. Deklaratsiyada OHMga a’zo-davlatlar tomonidan 2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishi qo‘llab-quvvatlanishi ham o‘z aksini topgan.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий