O'zbekiston delegatsiyasi Global sayyohlik forumida ishtirok etdi
2022-yil 6-sentabr kuni Bryussel shahrida bo’lib turgan O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi "Yevropa yetakchilari sammiti-2022" Global sayyohlik forumida ishtirok etdi.
Butunjahon sayyohlik forumi instituti tomonidan tashkil etilgan tadbirda mazkur Institut bosh kotibi Tolib Rifoiy va prezidenti Bulut Bagchi, Yevropa parlamenti deputatlari, dunyoning yetakchi siyosatchilari, turizm sohasi, aviatsiya organlari va transport kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Forum davomida turizmni rivojlantirishga ko'maklashish, sohaga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro miqyosda mamlakatlar imijini targ'ib qilish va qo'llab-quvvatlash, chet elda milliy sayyohlik brendini rivojlantirish maqsadida ilg'or bilim va ko'nikmalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
O'zbekiston delegatsiyasi "Investitsiyalar, o'zaro bog'liqlik va mehmondo'stlik" mavzusida ma'ruza bilan so’zga chiqib, mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, milliy iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri bo'lgan turizm sohasini qo'llab-quvvatlash bo'yicha olib borilayotgan islohotlar haqida ma'lumotlarni taqdim etdi.
O'zbekiston madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan lavhalar namoyish etildi.
Forum ishtirokchilari O'zbekistonda turizm jabhasini rivojlantirish, mamlakatning bu boradagi salohiyatini oshirish, uni jahon sayyohlik markazlaridan biriga aylantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni yuqori baholadilar.
Tadbir ishtirokchilari 2023-yilda Xiva va Samarqand shaharlarida bo'lib o'tadigan "Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo" turizm forumi hamda Butunjahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga taklif etildilar.