O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning Sivilizatsiyalar Alyansi forumida ishtirok etdi
2024-yil 26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev boshchiligidagi delegatsiya Kashkaysh shahrida (Portugaliya) bo‘lib o‘tgan BMT Sivilizatsiyalar alyansining 10-forumida ishtirok etdi.
Tadbirda mintaqaviy va global masalalar, shuningdek, BMT Sivilizatsiyalar alyansining yaqin va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari o‘z nutqida O‘zbekiston Sivilizatsiyalar Alyansi faoliyatiga alohida e’tibor qaratayotgani, BMTning 2030 yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirishda muhim o‘rin tutayotganini alohida ta’kidladi.
Joriy yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tomonidan Sivilizatsiyalar alyansi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirish uchun madaniyatlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni rag‘batlantirish» nomli tadbir muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, kelgusi yilda O‘zbekiston ikki yirik xalqaro tadbir – YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi va Parlamentlararo ittifoqning 150-yillik yubiley assambleyasi o‘tkaziladigan maskanga aylanishi ham alohida ta’kidlandi. Ushbu tadbirlar madaniy xilma-xillik va sivilizatsiyalar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish uchun noyob imkoniyat yaratadi.