O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi

 2023-yil 22-mart O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili A.Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afg‘onistonda bo‘ldi.

Kobulda Oʻzbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston Bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttakiy, mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi mulla Yoqub Mujohid, muvaqqat hukumatning boshqa aʼzolari va iqtisodiy tuzilmalar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Afg‘oniston hududi orqali turli tranzit yuklarni tashish hajmini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Muhim transport-energetika loyihalarini amalga oshirish, xususan, “Termiz–Mozori-Sharif–Qobul–Peshovar” temir yo‘lini qurish, “Surxon–Puli-Xumri” yo‘nalishi bo‘ylab elektr tarmog‘ini tortish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.

Tomonlar ishning amaliy bosqichiga tezroq o‘tish zarurligini ta’kidladilar va ikki tomonlama kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Muloqotlar chog‘ida ayollar huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish, qizlarning Afg‘onistonda ta’lim olishini ta’minlash, shuningdek, Termiz shahridagi Ta’lim markazi negizida afg‘on kadrlarini tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuvlar doirasida suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar o‘zaro anglashuv ruhida o‘tdi va muhokama qilingan masalalar yuzasidan tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish istagini bildirishdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий