O‘zbekiston Afg‘onistonga qariyb 100 tonna insonparvarlik yordami yubordi

 

2023-yil 10-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan zilziladan jabr chekkan Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam yuborildi. 

O‘zbekiston tarafi yuborgan yordam tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari: un, bug‘doy, yog‘, makaron, go‘sht mahsulotlari, guruch, shakar; chodir va odeyallar, shuningdek birlamchi tibbiy yordam uchun zaruriy barcha vositalar bor.

Insonparvarlik yordami O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev boshchiligida Hirot shahriga yetkazildi. 

O‘zbekiston delegatsiyasini Afg‘oniston hukumati tomonidan tuzilgan zilzila oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha komissiya raisi Mavlaviy Sharofiddin Muslim, rais o‘rinbosari Ahmadullo Muttaqiy hamda Transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri o‘rinbosari Abdul Sattor Gurvollar kutib oldi.

Yuborilgan insonparvarlik yordami uchun Mavlaviy Sharofiddin Afg’oniston hukumati va xalqi nomidan minnatdorlik izhor etdi. 

“O‘zbekiston bizga har doim birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zib kelgan birodar mamlakat. Men o‘zim bir necha bor mamlakatingizdan keladigan ko‘makni qabul qilib, jabr ko‘rgan xalqimiz o‘rtasida taqsimlashda ishtirok etganman. Biz Afg‘oniston Islom Amirligi hukumati va xalqi nomidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va xalqiga chuqur minnatdorligimizni bildiramiz. Sizlar eng yaxshi qo‘shnimiz sifatida Olloh yuborgan ogir sinov kunlarida har doim yonimizda turasiz. Buni hech qachon bizni xalqimiz esidan chiqarmaydi”, dedi M.Sharofiddin.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий